O‘zbekiston va Germaniya Prezidentlari o‘zbek xalqining madaniy-tarixiy merosiga bag‘ishlangan noyob ko‘rgazmani ochib berdilar
Germaniyaga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Berlin shahridagi jahonga mashhur Jeyms Simon galereyasida “O‘zbekistonning arxeologik xazinalari. Makedoniyalik Iskandardan Kushonlar saltanatigacha” nomli noyob ko‘rgazmani ochdilar.
Davlatimiz rahbari ochilish marosimida ikki mamlakatda xalqlarimizning boy madaniy merosi va bugungi yutuqlariga qiziqish ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
O‘zbekistonda Gyote, Geyne, Shiller, Tomas Mann, Remark va ko‘plab boshqa adiblarning o‘lmas ijodini, Bax, Betxoven, Shtraus, Vagnerning ajoyib musiqasini yaxshi bilishadi va qadrlashadi.
Hududidan Yevropaga eltuvchi qadimgi karvon yo‘llari o‘tgan O‘zbekistonning tarixi bilan Germaniya jamoatchiligi yaxshi tanish.
Asrlar davomida Buyuk Ipak yo‘li savdo, fan, madaniyat va san’at rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelgan, madaniyatlararo muloqotga, ma’naviy qadriyatlar almashinuviga, progressiv g‘oyalar shakllanishiga, integratsiya va hamkorlikka, tinchlik va bunyodkorlikka, bag‘rikenglik va totuvlikka xizmat qilgan.
Buyuk shoir Gyote o‘zining “G‘arbiy-sharqiy devon” she’riy to‘plamida ko‘hna Samarqand va Buxoro go‘zalligini tarannum etgan bo‘lsa, atoqli bastakor Gendel “Temur” operasini yaratgan.
Ko‘rgazmaning ochilishi O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi madaniy aloqalarda diqqatga sazovor voqea bo‘ldi. Uning o‘tkazilishi haqida Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning 2019-yil maydagi O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida kelishilgan edi.
Qariyb to‘rt yil davomida ikki mamlakat arxeologlari, tarixchilari, san’atshunoslari va muzey xodimlari tadbirni tashkillashtirish ustida fidokorona mehnat qildi. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida 50 ga yaqin eng qimmatli osori-atiqalar restavratsiya qilindi.
2024-yil 14-yanvar kuniga qadar davom etadigan ko‘rgazmada Berlin davlat muzeylari to‘plamlaridan 65 ta va O‘zbekiston muzeylari to‘plamlaridan 285 ta eksponat namoyishga qo‘yilgan. Ularning ko‘pi mamlakatimiz tashqarisida ilk bor ko‘rsatilmoqda.
Ko‘rgazma mamlakatimizning qadimiy va boy madaniyati, bugungi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo hududida joylashgan ilk davlatlarning miloddan avvalgi VI asrdan milodiy IV asrgacha davrni qamrab olgan tarixi haqida so‘zlaydi.
Bu yerdagi durdonalar orasida Kushon saltanatining Dalvarzintepa va Holchayon qo‘rg‘onlaridan topilgan aslzodalar, askar va badavlat ayollar haykallari bor.
Ushbu betakror ekspozitsiya tashrif buyuruvchilarga O‘zbekiston tarixi bilan tanishish, xalqimiz merosi to‘g‘risida to‘liq tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Tadbir O‘zbekiston va Germaniya xalqlarining yanada yaqinlashishi va bir-birini anglashiga, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng muloqot va ko‘p qirrali hamkorlikning rivojlanishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Germaniyaga tashrifi munosabati bilan ikki mamlakat delegatsiyalari a’zolari, davlat va jamoat arboblari ishtirokida qabul marosimi bo‘lib o‘tdi.