Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti II Iqtisodiy forumi ish boshladi
Bugun ertalab Toshkent shahrida Oʻzbekiston raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) II Iqtisodiy forumi oʻz ishini boshladi.
Forum ishtirokchilariga Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Aziz Voitov va SHHT Bosh kotibining oʻrinbosari Yerik Ashimov tabrik soʻzlari bilan murojaat qildi.
Ikki kun davomida ishtirokchilar oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qiladi, SHHT makonidagi aloqalarni kengaytirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqadi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
Forum dasturi plenar majlislar, panelm sessiyalari, ikki tomonlama uchrashuvlar va B2B formatidagi muloqotlarni oʻz ichiga olgan.
Qayd etish joizki, mazkur forum nafaqat hukumatlararo muloqot oʻrnatilishi, balki ishbilarmon doiralar, korxonalar vakillarining oʻzaro hamkorligi, shuningdek, SHHT makonining hududlariga investorlarni jalb etish uchun samarali platformaga aylanishiga daʼvat etilgan.
Eslatib oʻtamiz: birinchi forum 2021-yil 23-24-iyun kunlari Dushanbe shahrida (Tojikiston) boʻlib oʻtgan edi.