O'zbekiston-Germaniya rivojlanish maqsadidagi hamkorlik masalalari Berlinda muhokama qilindi
2022-yilning 1-fevral kuni Berlin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi Davlat kotibi Yohen Flasbart bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Ikki tomonlama moliyaviy-texnik hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, Germaniya hukumati tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda turli loyihalarni amalga oshirish orqali O‘zbekistonga har tomonlama ko‘maklashish muzokaralarning diqqat markazida bo‘ldi.
Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligining yangi “Strategiya-2030”ga muvofiq O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi yagona hamkor davlat sifatida belgilangan. Janob Flasbartning ta’kidlashicha, taraqqiyotga ko‘maklashish yo‘lida O‘zbekiston bilan hamkorlik Germaniyaning bu boradagi xorijiy davlatlar bilan o‘zaro hamkorligining muvaffaqiyatli namunalaridan biridir.
Germaniya tomoni respublikada ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish, xususan, kasb-hunar ta’limi, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, energiya samaradorligini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish yo‘nalishlarida va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi. Ekologik sohadagi o‘zaro hamkorlikka, jumladan, Orol dengizi mintaqasidagi vaziyatni yaxshilashga ko‘maklashishga ustuvor ahamiyat qaratishga kelishib olindi.
Muzokaralar yakunlari boʻyicha 2022-yilda moliyaviy-texnik hamkorlik boʻyicha hukumatlararo maslahatlashuvlar va muzokaralarni muntazam oʻtkazish boʻyicha ham fikr almashinildi. Ular davomida Oʻzbekistonda dolzarb yo’nalishlarda hamkorlikda loyihalar amalga oshirish boʻyicha yangi dastur ishlab chiqishga kelishib olinadi.