• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun mediatur

27.02.2018

Joriy yilning 5-8 iyun kunlari “Markaziy Osiyoda atrof-muhit va barqaror rivojlanish sohasida hamkorlikni mustahkamlash” mavzusida bo‘lib o‘tadigan xalqaro ekologik forum doirasida xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Orol dengiziga mediatur tashkil qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi o‘tkazgan brifingda ma’lum qilindi.

Forum atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarida barcha manfaatdor mamlakatlar bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Unda qayta tiklanadigan energiya manbalari va energiya samaradorligi, qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish, biologik xilma-xillikni saqlash va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini kengaytirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinadi.

Tadbirda ko‘plab davlatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish va suv xo‘jaligi bo‘yicha davlat organlari rahbarlari, yetakchi xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari vakillarining ishtirok etishi rejalashtirilgan.