• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Tanishing: "O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosi"

01.03.2018

Har bir xalqning milliy qiyofasi, o‘zligi uning bebaho merosi – asrlar oshib kelayotgan go‘zal san’ati, umrboqiy an’ana va ibratli qadriyatlari, go‘zal urf-odatlari, hunarmandligida namoyon bo‘ladi. O‘zbek va ingliz tillarida chop etilgan "O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosi" kitobi shu boyligimizni o‘rganish, xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda madaniy merosni asrab-avaylash, uni avlodlarga bezavol yetkazish, qadimiy maktab va an’analarni ravnaq toptirish, yanada boyitishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mustahkam milliy qonunchilik bazasi mazkur yo‘nalishdagi amaliy chora-tadbirlarni izchillik bilan hayotga joriy etish imkonini bermoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 7-oktabrda qabul qilingan "2010-2020-yillarda nomoddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori YuNESKOning "Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi konvensiyasi mazmuniga hamohangdir.

Mazkur hujjatlarga asosan Madaniyat vazirligi tomonidan nomoddiy madaniy meros obyektlari milliy ro‘yxati tayyorlangan. Bugungi kunda jami oltita obyekt – Boysun madaniy muhiti, "Shashmaqom", katta ashula, Navro‘z, askiya san’ati, palov tayyorlash an’analari YuNESKOning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan. 2018-2019-yillarda YuNESKO Reprezentativ ro‘yxatiga kiritish uchun O‘zbekiston Respublikasidan 2017-yilda taqdim etilgan Xorazm raqsi – lazgi ko‘rib chiqiladi.

YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi tomonidan tayyorlanib, YuNESKOning Osiyo va Tinch okeani mintaqasida Nomoddiy madaniy meros sohasidagi xalqaro axborot va hamkorlik markazi moliyaviy ko‘magida va Samarqanddagi Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti tashkiliy yordami asosida nashr etilgan "O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosi" kitobi tadqiqotchilar, olimlar, talaba-yoshlarga, umuman, qiziquvchan barcha kitobxonlarga mo‘ljallangan. Rang-barang fotosuratlarga boy bu nashrda YuNESKO ro‘yxatidan joy olgan merosimiz, shu bilan birga o‘zbek xalq og‘zaki ijodi, ijrochilik san’ati, milliy o‘yinlar, qadimiy urf-odat, marosim va bayramlar, an’anaviy hunarmandlikka oid qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan. Yangi kitob yurtimiz o‘quvchilarining boy merosimiz, an’ana va qadriyatlarimizga hurmatini yanada oshirsa, chet elliklarning O‘zbekistonga qiziqishi va ehtiromini kuchaytirishi shubhasiz.