• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Ohanglarga ko‘chgan fasllar

01.03.2018

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida “O‘zbekiston solistlari” kamer orkestrining jahonga mashhur kompozitor Antonio Vivaldining “Yil fasllari” turkum musiqiy asaridan tuzilgan konsert dasturi muxlislar e’tiboriga havola etildi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Anvar Raimjonov rahbarligidagi orkestr konserti musiqa san’ati ixlosmandlarining talablariga binoan uyushtirildi.

1986-yilda bir guruh iqtidorli yoshlardan tashkil etilgan “O‘zbekiston solistlari” kamer orkestri repertuaridan Bax, Motsart, Betxoven, Vivaldi, Chaykovskiy singari jahon, To‘lqin Qurbonov, Mustafo Bafoyev, Mirsodiq Tojiyev kabi O‘zbekiston kompozitorlarining asarlari o‘rin olgan.

Antonio Vivaldining “Yil fasllari” turkum asari jozibasi, tabiatning turli mavsumlariga xos holatlarni ohanglar vositasida mahorat bilan aks ettirgani bilan musiqa ixlosmandlari mehrini qozongan.

Musiqiy dastur davomida yakkaxon ijrochi, xalqaro tanlovlar sovrindori Sardor Jumayevning skripkadagi ijrosi musiqa shinavandalarining olqishlariga sazovor bo‘ldi.