• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

O‘zbekiston tashabbuslarining jahoniy e’tirofi

01.03.2018

2-mart – O‘zbekiston BMTga a’zo bo‘lgan kun

1992-yilning 2-marti mustaqil Vatanimiz tarixida muhim sana sifatida muhrlangan. Shu kuni O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘ldi, Nyu-Yorkdagi BMT Bosh qarorgohi oldida Vatanimiz bayrog‘i hilpiray boshladi.

O‘sha paytda istiqlolga erishganiga atigi olti oy bo‘lgan yosh davlat uchun bu juda katta gap edi. Shu kundan boshlab dunyo hamjamiyati O‘zbekistonga xalqaro munosabatlarning komil huquqli subyekti sifatida qaray boshladi.

O‘zbekiston tinchlik va barqarorlikka tahdid soluvchi xavf-xatarlarga qarshi kurashish, ekologik muammolarni bartaraf etish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish borasida BMT bilan izchil hamkorlik qilib kelmoqda.

2012-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasida mamlakatimiz mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilish va kuch ishlatmaslik tamoyillariga asoslanishi belgilangan. Yurtimiz, ta’bir joiz bo‘lsa, bu imijiga qat’iy sodiqlikni namoyish etib kelmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari bilan so‘nggi yillarda qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarda o‘z yechimini kutayotgan masalalarni hal qilish borasida jiddiy qadamlar tashlandi. Jumladan, 2017-yilda suv resurslaridan oqilona foydalanish, chegaralarni belgilash, nazorat-o‘tish punktlarini ochish, transport qatnovini tiklash va kengaytirish kabi ko‘plab nozik masalalar bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi va bu jarayon davom etmoqda. O‘zbekiston bilan qo‘shni mamlakatlar o‘rtasida odamlarning bordi-keldi qilishiga yo‘l ochildi, mintaqalararo va chegaraoldi hududlar o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bularning barchasi mintaqa davlatlari o‘rtasida do‘stlik va ishonchni mustahkamlamoqda, hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlamoqda.

Mamlakatimiz BMT bilan turli yo‘nalishlarda samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Yurtimizda uning qator tarkibiy tuzilmalari – Taraqqiyot dasturi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Aholishunoslik jamg‘armasi, Bolalar jamg‘armasi, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Keyingi bir yilda o‘zaro hamkorlik yanada faollashdi. 2017-yilda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Ra’d al-Husayn, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid mamlakatimizga tashrif buyurdi. Ular rahbarligidagi nufuzli delegatsiyalar hududlarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan tanishdi, qator vazirlik va idoralarda muzokaralar o‘tkazdi.

Prezidentimiz 2017-yil sentabr oyida BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Bu nutq o‘z mazmun-mohiyati va ahamiyati bilan alohida diqqatga sazovordir – unda zamonamizning eng dolzarb masalalari haqida so‘z yuritildi, asosli takliflar o‘rtaga tashlandi. Bu tarixiy voqea O‘zbekiston – BMT hamkorligini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tardi.

Samarqandda BMT shafeligida o‘tkazilgan "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik" mavzuidagi xalqaro anjuman ushbu tendensiyani mustahkamlashga xizmat qildi.

Shu o‘rinda mamlakatimizda BMT bilan hamkorlik bo‘yicha ikkita muhim hujjat qabul qilinganini alohida ta’kidlash joiz. Birinchisi BMT Bosh kotibining mamlakatimizga tashrifi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan 2017-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasi bilan BMT hamkorligini yanada rivojlantirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"dir. Unda iqtisodiy o‘sish, samarali boshqaruv va aniq faktlar asosida rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish, qonun ustuvorligi va inson huquqlari, ijtimoiy himoya, atrof-muhitni muhofaza qilish, ta’lim va sog‘liqni saqlash, madaniy merosni asrash, bolalar va ayollar huquqlari, tabiiy ofatlar xavfining oldini olish kabi yo‘nalishlarda chora-tadbirlar belgilangan bo‘lib, dunyoda hali hech bir davlat BMT bilan bunday hujjat imzolamagan.

Ikkinchi hujjat davlatimiz rahbarining 2017-yil 27-sentabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining BMT va uning tuzilmalari, xalqaro moliya institutlari va boshqa tashqi siyosiy sheriklar bilan hamkorligini yanada rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bo‘lib, bu hujjat mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim omil bo‘lmoqda.

Joriy yil mart oyida Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha o‘tkaziladigan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik va mintaqaviy munosabatlar sohasida hamkorlik» mavzuidagi xalqaro konferensiya ushbu mamlakatda tinchlikka erishish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi. Zero, O‘zbekiston mustaqillikning dastlabki yillaridan jahon hamjamiyati e’tiborini Afg‘onistonda vaziyatni barqarorlashtirishga qaratib kelmoqda. Ushbu anjuman Afg‘oniston masalasida O‘zbekiston da’vatlari naqadar to‘g‘ri, nuqtai nazari naqadar asosli ekanining yana bir bor namoyoni, mamlakatimiz tashabbuslarining jahoniy e’tirofi bo‘ladi.