• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

O‘zbekiston brendini targ‘ib qilishda madaniyat va san’atning o‘rni

26.02.2018

Dunyodagi har bir xalqning o‘z tarixi, rivojlanish yo‘li, siyosiy qarashlari bor. Insonlarni o‘zaro bog‘lab turadigan shunday munosabatlar ham mavjudki, bu dunyoda tinchlik va hamjihatlikka erishish, yagona makonda barqaror rivojlanish kabi ijobiy tendensiyalarga erishish imkonini bermoqda.

Bu xalqlarning asrlar osha shakllangan madaniyat, san’at va an’analarga munosabatidir. Ayni shu mezonlar bugun davlatlarning ham ma’naviy, ham xalqaro maydondagi nufuzini oshirish va barqaror rivojlanishning muhim shartidir.

Poytaxtimizda o‘tkazilgan “Mamlakat taraqqiyoti va xalqaro imijini shakllantirishda madaniyat va san’atning o‘rni” mavzuidagi xalqaro davra suhbatida shu haqda so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda senatorlar, deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar, diplomatik korpus vakillari, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov va boshqalar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekiston milliy brendini yaratish hamda dunyoning rivojlangan davlatlari qatoridan joy olishga qaratilgan strategik vazifalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini ta’kidladi. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini hayotga tatbiq etish doirasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bunda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Tadbir ishtirokchilarining fikricha, muvaffaqiyatli brend, birinchi navbatda, turizm va madaniyat kabi bir-biri bilan bog‘liq sohalarni rivojlantirishni taqozo etadi. Madaniyatlararo ijodiy muloqotni yo‘lga qo‘yish o‘zbek san’atining jahon badiiy va madaniy makoniga integratsiyalashuviga ko‘maklashishda muhim o‘ringa ega.

Anjumanda Samarqand, Buxoro, Xiva singari tarixiy shaharlar, O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar, ularning bebaho merosini keng miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishda zamonaviy yondashuvlarni ilgari surish, kadrlar salohiyatini oshirish O‘zbekiston milliy brendini shakllantirishning muhim omili ekani qayd etildi. Mazkur jarayonda davlat va jamoat tashkilotlarining yagona maqsad yo‘lida harakat qilishi, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

– O‘zbekiston jahon bozorida o‘z milliy brendini ilgari surish borasida katta salohiyatga ega, – dedi YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Badarch Dendev. – Mamlakatingizning boy madaniyati va san’ati, asriy an’analari, tarixiy shaharlari bor. Ayni shu imkoniyatlardan oqilona foydalanish yurtingizning xalqaro miqyosdagi jozibadorligini yanada oshirib, sayyohlarni o‘ziga jalb qilish imkoniyatlarini yuksaltiradi.

Tadbirda milliy brendni targ‘ib qilishda O‘zbekistonning madaniyat va san’at sohasidagi imkoniyatlaridan unumli foydalanish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.