• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

"Mahalla" va “Nuroniy” faollari mamlakatimiz xalqiga murojaat bilan chiqdi

01.03.2018

Respublika "Mahalla" xayriya jamoat fondi va “Nuroniy” jamg‘armasi faollarining to‘ylar, oilaviy tantanalar va boshqa marosimlarni ortiqcha sarf-xarajatsiz, dabdabasiz o‘tkazish yuzasidan mamlakatimiz xalqiga murojaati qabul qilindi.

Keyingi paytlarda to‘ylar, oilaviy tantanalar, turli marosimlarni o‘tkazishda shuhratparastlik, atrofda yashayotgan odamlarning hol-ahvolini inobatga olmaslik, xalqimizning asriy urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi illatlar ommalashmoqda. Taraqqiyotimizga katta to‘siq va g‘ov bo‘lib kelayotgan dabdababozlikka barham berish, to‘y-ma’rakalarni ixcham, zamonaviy ko‘rinishda o‘tkazish o‘rniga, kerak-nokerak tadbirlarni o‘ylab topish, haddan ziyod isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish holatlari kuchayib bormoqda.

Pul topib, aql topmagan, ma’naviy saviyasi past ayrim kimsalar, ayniqsa, oyog‘i yerdan uzilgan ba’zi mansabdorlar bu borada odob-axloq mezonlarini mutlaqo unutib, jamiyatdagi mavqeini, boyligini ko‘rsatib qo‘yish kabi xudbin maqsadlarni ko‘zlayotgani ham bor gap. Bunday holatlar yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularda halol mehnatga bepisand munosabat va yengil-elpi hayot kechirishga urinish, manmanlikka berilishning kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.

To‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha sarf-xarajatlar minglab oilalarning moddiy ahvoli yomonlashuviga, ularning qarz va g‘am-tashvish botqog‘iga botishiga, eng xavflisi, jamiyatimizda qaror topgan ma’naviy muhitning buzilishiga olib kelmoqda.

To‘y va marosimlar shaxsiy ish emas, mamlakat va millat taqdiriga daxldor ijtimoiy ahamiyatga ega masaladir. Shu sababli xalqimizning tabiatiga mutlaqo yarashmaydigan, oilalarning moddiy ahvolini og‘irlashtiradigan, ularning turmushini izdan chiqaradigan bunday bema’ni holatlarga barham berishni hayotning o‘zi talab qilmoqda.

Tadbirda bir kunlik to‘y deb, butun umr yiqqanini sovurish, oziq-ovqat mahsulotlari va noz-ne’matlarni isrof qilish, soxta obro‘ orttirishga qaratilgan ishlar o‘rniga beva-bechoralarga, nochor insonlarga, muhtoj va ehtiyojmand oilalarga yordam berish maqsadga muvofiq ekanligi aytildi.

Shuningdek, anjumanda har bir mahallada ko‘pni ko‘rgan nuroniy otaxon va onaxonlar bosh bo‘lib, to‘ylarni ixcham, kamchiqim, oddiy tarzda o‘tkazish bo‘yicha me’yor va mezonlarni ishlab chiqish, ularga qat’iy amal qilish bo‘yicha hududiy, tuman va shahar kengashlariga aniq tavsiya va tegishli topshiriqlar berildi.

Bunday marosimlarni o‘tkazishda haddidan oshgan kimsalarni – ularning mavqei va lavozimidan qat’iy nazar – mahalla fuqarolar yig‘iniga taklif etib, obro‘-e’tiborli kishilar, imom-xatiblar, keng jamoatchilik ishtirokida tanqidiy muhokama qilish, maslahat berish va to‘g‘ri yo‘lga solish zarurligi tushuntirildi.

Ushbu maqola O‘zA obunachilariga taqdim etilgan yangilikning bir qismi bo‘lib veb saytda qisqartirilgan shaklda chop etildi.