• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Xorijiy investitsiya mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi

07.04.2019

Xorazm viloyatida joriy yilning 5-6 aprelь kunlari “Xorazmga investitsiya kiriting” shiori ostida xalqaro investitsiya forumi bo’lib o’tdi.

Birinchi bor o’tkazilgan forumda Xitoy, Rossiya, Frantsiya, Saudiya Аrabistoni, Malayziya, Ozarbayjon, Bahrayn, Turkmaniston kabi dunyoning 20 dan ortiq davlatidan 100 dan ziyod kompaniya vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, forumda BMT Taraqqiyot dasturining O’zbekistondagi vakolatxonasi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari qatnashdi.

Xalqaro anjumanning ochilish marosimida mamlakatimizda qulay investitsiya muhitini yaratishga alohida e'tibor qaratilayotgani, xorijiy investorlar uchun imtiyozlar berilayotgani ta'kidlandi. Ishtirokchilarga Xorazm viloyatining iqtisodiy salohiyati, ichki imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumot berildi.

Xalqaro nufuzli tashkilotlar va dunyoning yetakchi kompaniyalari vakillari forum borasidagi o’z fikr-mulohazalarini bildirdi.

– Men O’zbekistonda akkreditatsiyadan o’tganimga bir necha kun bo’ldi, – deydi BMT Taraqqiyot dasturining O’zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska. – Men uchun mamlakat hududlari bilan tanishish Xorazm diyoridan boshlanganidan juda xursandman. Chunki ushbu voha o’zining boy tarixi bilan Markaziy Osiyoda alohida o’rniga ega. Forum juda yaxshi tashkil etilgan. Bir nechta davlatlarning ko’zga ko’ringan kompaniyalari bu yerda ishtirok etmoqda. O’ylaymanki, forum doirasida olib boriladigan hamkorlik muzokaralari Xorazm viloyati uchun juda katta foyda keltiradi.

Xalqaro forum shu'balarga bo’lingan holda ishini davom etdi.

Qishloq xo’jaligida innovatsion yondashuvlarni ishga solish – paxtachilik klasteri, zamonaviy gidroponik issiqxonalar, intensiv bog’lar, logistika markazlarini qurish, shuningdek, chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik klasterlarini tashkil qilish borasida mahalliy hokimlik, tegishli boshqarma va tashkilotlar xorijiy investorlar bilan qator kelishuvlarga erishdi.

– Xorazm qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtirishda juda katta potentsialga ega hudud ekan, – deydi ispaniyalik investor Josse Аntonio Esteban Villegas. – Men bu yerga 80 million dollar investitsiya kiritib, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan 180 gektar maydonda “Innovatsion issiqxona” qurmoqchiman.

Forum doirasida o’tkazilgan “B2B” formatidagi uchrashuvda Xorazm viloyati hokimi xorijiy kompaniyalar vakillari bilan suhbatlashdi.

Qishloq xo’jaligi, sanoat, turizm, ijtimoiy soha yo’nalishlarida 100 dan ortiq istiqbolli loyiha taqdimoti, hududdagi korxonalar va kichik biznes sub'ektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan turli mahsulotlar yarmarkasi forum ishtirokchilarida katta qiziqish uyg’otdi.

Forum doirasida ishtirokchilar viloyatdagi yirik korxonalar, savdo, turistik va qishloq xo’jaligi ob'ektlarida bo’lib, ularning faoliyati bilan tanishdi.

“Xorazmga investitsiya kiriting” shiori ostidagi xalqaro investitsiya forumi xorijiy davlatlar bilan mamlakatimiz o’rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochdi. Forum doirasida ko’plab o’zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.