• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Vatandoshlar bilan navbatdagi uchrashuv Chexiyada oʻtkazildi

05.04.2019

Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchixonasi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va “Oʻzbegim” madaniy turizm markazi tomonidan, Praga shahridagi “Samarqand” oʻzbek milliy restoranida vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil qilindi. Unda, Chexiyaning turli hududlarida istiqomat qilayotgan 50 dan ortiq vatandoshlarimiz, turizm sohasidagi yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda hamorlikni rivojlantirish mexanizmlari, jumladan, turizm sohasini rivojlantirish va xorijiy mamlakatlarda ommalashtirish borasida vatandoshlar rolini oshirish, shuningdek, Oʻzbekistonning turizm salohiyati, turizmning alohida turlari va infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazildi hamda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda vatandoshlarimiz faol ishtirok etishga jalb qilindi.

Uchrashuv davomida Chexiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz tomonidan Oʻzbekistonning turizm brendi va aloqa maʼlumotlari tushirilgan yorliqlarni avtomashinalariga oʻrnatish aksiyasi oʻtkazildi hamda Oʻzbekistonning turizm salohiyatini aks ettiruvchi targʻibot materiallari tarqatildi.

“Uchrashuvdan koʻnglim toʻldi, chunki uzoqda boʻlsam-da, yurtim uchun nimadir qilish istagi bor edi. Chexiyaliklar Oʻzbekistonning boy madaniyati, tarixi, urf-odatlari, milliy taomlari, liboslariga juda qiziqishadi va men ularga imkon qadar maʼlumot berishga harakat qilaman. Bugungi uchrashuvda mamlakatimiz barcha hududlarining turizm salohiyatini aks ettiruvchi koʻplab targʻibot materiallari tarqatilganidan hursand boʻldim. Kelgusida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan turli loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldik” ­– deydi vatandoshimiz Sardor Saliyev.

Tashrif doirasida Chexiyada turizm sohasida faoliyat olib boruvchi bir qator kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Uchrashuvlar davomida Oʻzbekistonning turizm salohiyati haqida maʼlumotlar berildi. Uchrashuvlar yakunida, mazkur kompaniyalar Chexiyada yurtimizning turizm brendini ommalashtirishga koʻmaklashishga tayyor ekanligini maʼlum qilishdi.

“Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan faol hamkorlikda ishlamoqdamiz, jumladan, Oʻzbekistonning turizm salohiyatini Chexiyada targʻib qilish borasida Chexiyadagi turizm kompaniyalari bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldik. Mazkur loyihalar doirasida vatandoshlarimizni keng jalb qilib, ularningimkoniyatlari va saʼy-harakatlarini safarbar etamiz hamda Chexiyadagi OAVlarida Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib qilamiz” – deydi“Oʻzbegim” madaniy turizm markazi rahbari Ulugʻbek Oʻktamov.

Mazkur uchrashuvlar Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib qilishda vatandoshlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish boʻyicha respublikamiz Prezidenti tomonidan qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirishdagi navbatdagi qadamdir.

Chexiyada faol targʻibot ishlarini olib borayotgan vatandoshlarimizga Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi oʻz minnatdorchiligini bildiradi.

Manba: Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati