• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Ulugʻ shoirga ehtirom

15.02.2019

14 fevral – Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi kuni

Andijonda oʻzbek mumtoz adabiyotining zabardast vakili, buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda, shoir va olim Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 536 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Andijon viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Bobur xalqaro jamoat fondi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ijodkorlar, Pokiston Islom Respublikasi hamda Bangladesh Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchilari, yurtimizda va xorijda faoliyat yuritayotgan boburshunos olimlar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida ishtirokchilar tomonidan Zahiriddin Muhammad Bobur haykali poyiga gulchambarlar qoʻyildi, shoirga ehtirom koʻrsatildi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻ.Majidov va boshqalar mamlakatimizda xalqimizning boy madaniy merosi, ayniqsa, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy asarlarning jahon taraqqiyoti, ilm-fani rivojidagi ahamiyati, ilmiy salohiyatini oʻrganishga katta eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Bobur hayoti va ijodi, boburiylarning hind zamini taraqqiyotidagi oʻrni va roli haqida soʻz yuritildi. Shoir gʻazallaridan namunalar oʻqildi.

– Zahiriddin Muhammad Boburning serqirra ijodi katta tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega, – dedi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat boʻlimi rahbari Xurshidabonu Qoʻchqorova. – Ayniqsa, adabiyot, tarix, tilshunoslik, huquqshunoslik, musiqa va geografiyaga oid asarlari tariximiz haqida koʻplab maʼlumotlar berish bilan birga, oʻsha davr yozma manbalarini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega.

Shundan soʻng tadbir Bogʻi Boburdagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida davom etdi. Bobur va boburiylar ijodini oʻrganish, targʻib etish masalalariga bagʻishlangan ilmiy anjuman boʻlib oʻtdi. Unda Hindiston, Pokiston, Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Tojikiston singari qator davlatlardan kelgan mehmonlar, boburshunos olimlar ishtirok etdi.

Anjumanda Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondining yillik hisobоti, fond ilmiy ekspeditsiyasining Qirgʻiziston va Hindiston davlatlariga safari natijalari haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, boburshunos olimlar tomonidan Bobur va boburiylar hayoti, ijodiy merosini oʻrganish, targʻib etish borasida olib borilayotgan ishlar xususida taniqli olim va ijodkorlarning maʼruzalari tinglandi.

– Yurtingizda jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ allomalar hayoti va ijodini oʻrganish, targʻib qilish borasidagi ishlar tahsinga munosib, – deydi Toshkentdagi hind madaniyati markazi direktori Chandra Shekxar. – Shoir, olim va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar sulolasiga Oʻzbekiston zaminida koʻrsatilayotgan ehtirom xalqingizning buyuk tarixiy shaxslarga boʻlgan yuksak hurmati ifodasidir.

Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 536 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar mehnat jamoalari, taʼlim muassasalarida ham boʻlib oʻtmoqda.

Asosiy tadbirning ochilish marosimida Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov soʻzga chiqdi.