• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Toshkentda Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti forumi bo‘lib o‘tadi

15.05.2019

Joriy yil 17-19-may kunlari Toshkentda Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO) bitiruvchilarining V xalqaro forumi o‘tkaziladi. Tadbir davlat arboblari, yirik tadbirkorlik doiralari vakillari, turli yo‘nalishda faoliyat yuritadigan institutlar rahbarlari, taniqli jurnalistlarning norasmiy uchrashuvi hisoblanadi. Mazkur xalqaro anjuman ishtirokchilarini Rossiyaning eng nufuzli oliy ta’lim yurtlaridan birida o‘tkazilgan talabalik yillari birlashtirib turadi.

Toshkent forumining ochilish marosimida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri A.Komilov, USM Holdings asoschisi, MGIMO Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari A.Usmonov, Rossiya madaniyat vaziri V.Medinskiy va Rossiya Federatsiya kengashi raisi o‘rinbosari I.Umaxanov so‘zga chiqadi. MGIMO Kuzatuv kengashi a’zosi, TASS axborot agentligi (Rossiya) bosh direktori o‘rinbosari M.Gusman sessiya moderatori bo‘ladi.

Siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot va madaniyat sohalarining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan sessiyalar chog‘ida Mongoliya tashqi ishlar vaziri D.Sogtbaatar, Kamboja ta’lim vaziri N.Xan Chuon, Rosobrnadzor rahbari S.Kravsov va MGIMO Vasiylik kengashi a’zosi F.Shodiyev nutq so‘zlaydi. Kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar safiga Slovakiya tashqi ishlar vaziri M.Laychak qo‘shiladi. Ularning barchasi – MGIMO bitiruvchilaridir.

Forum dasturi doirasida turli idora va kompaniyalar rahbarlarining uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Unda ta’lim, madaniyat va investitsiya sohalaridagi o‘zaro munosabatlar istiqbollari muhokama etiladi.

Shuningdek, xalqaro ekspertlar Markaziy Osiyoda xavfsizlik va ko‘p tomonlama hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashadi. Mazkur tadbirda MGIMO, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O‘zbekiston va Rossiyaning boshqa oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari qatnashadi.

Forum doirasida universitetning yangi taraqqiyot strategiyasi masalalari muhokama etilishi hamda MGIMOning Toshkentda ochilayotgan filiali dasturlarining taqdimotini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

“Dunyo” AA

http://jahonnews.uz/uz/aktualno/305/53716/