• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

O‘zbekiston Respublikasi idoralararo delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi tug‘risida

19.03.2019

Joriy yilning 11 martida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari Maxmud Istamov boshchiligidagi idoralararo delegatsiya Yaponiya davlatiga xizmat safari bilan tashrif buyurdi. Mazkur xizmat safari davomida ma’muriy tartib tamoyillar, Tokio va Nagoya ma’muriy sudlov tizimi bo‘yicha tashkil etilgan qo‘shma tadbirlarda ishtirok etish ko‘zda tutilgan.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad - Yaponiyada huquqni qo‘llash va sud amaliyoti, ma’muriy tartib-tamoyillarga oid qonunchilikni o‘rganish, bu borada O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi to‘g‘risida ma’lumot berish, shuningdek ushbu mamlakatda mehnat faoliyatini amalga oshirib kelayotgan va ta’lim olayotgan vatandoshlar bilan muloqat qilish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Tashrifning birinchi kunida O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida mazkur mamlakatda ta’lim olayotgan va mehnat faoliyatini yuritayotgan vatandoshlar bilan ochiq muloqot tarzida davra suhbati tashkil etildi. Uchrashuvda “O‘zbekiston yoshlar umumjahon assotsiatsiyasi”ning Yaponiyadagi filiali raisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari va bir qator nufuzli Yapon kompaniyalarida o‘z faoliyatini olib borayotgan vatandoshlarimiz ishtirok etdi.

Davra suhbati davomida Yaponiyadagi vatandoshlarimiz o‘zlari tomonidan olib borilayotgan O‘zbekistonning iqtisodiy, turistik salohiyati va nufuzini Yapon jamiyatida keng targ‘ib qilish bo‘yicha takliflarini bildirishdi. Qizg‘in va ko‘tarinki ruhda o‘tgan davra suhbatida Adliya vaziring birinchi o‘rinbosari M.Istamov so‘z olib hozirda yurtimizda olib borilayotgan huquqiy o‘zgarishlar, yoshlarning bandligini ta’minlashga qaratilgan huquqiy-normativ xujjatlar bilan atroflicha tanishtirdi. “Yuksalish” umummilliy xarakati raisi A.Burhonov vatandoshlarimiz tomonidan olib borilayotgan sayyi harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab, ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida kompleks chora tadbirlar ishlab chiqishni taklif etdi. Hususan, yaponiyadagi vatandoshlarimiz bilan turli bayramlar va tadbirlar o‘tkazish, ona tilimiz va tariximizni, iqtisodiyot va turistik saloxiyatni targ‘ib etish maqsadida Tokio hamda Nagoya shaharlarida markazlarni ochish masalasi yuzasidan birgalikda ish olib borish to‘g‘risida kelishib olindi. Kelgusida yaponiyada ishlab va ta’lim olgan vatandoshlarimizni o‘z tajribalarini Yurtimiz rivoji va ravnaqi yo‘lida foydalanishlarida kadrlarni O‘zbekistonda ishga joylash tizimi yaratilgani va bu borada barcha ko‘mak mazkur xarakat tomonidan qo‘llab kuvvatlanishi ta’kidlab o‘tildi.

Tashrif davomida mazkur idoralararo delegatsiya Yaponiya parlamenti va Adliya vazirligida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Xususan, 1999-2002 yillarda Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi sifatida faoliyat olib borgan, hozirgi kunda Yaponiya parlamentining yuqori palatasi deputati K.Nakayama hamda quyi palatasi deputati Y.Kamikava bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.

Mazkur uchrashuvlar davomida O‘zbekiston va Yaponiya parlamentlari o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik masalalari va kelajakda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan fikrlar almashindi.

Yaponiya parlamenti a’zolari O‘zbekistonda olib borilayotgan ma’muriy isloxotlarni qo‘llab-quvvatladilar, qonunchilik va yuridik soxada ikki tomonlama xamkorlikni yanada rivojlantirishda va davlatlarimiz adliya tizimi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda xar tomonlama ko‘mak berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Yaponiya adliya vazirining muovini X.Kadoyama bilan bo‘lgan uchrashuv doirasida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning yuqori darajaga chiqib borayotgani, o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev va joriy yilning yanvar oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.Kudbiyevning tashriflari ushbu aloqalar rivojining yaqqol dalili ekani ta’kidlandi. Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari M.Istamov ham o‘zaro ikki tomonlama sud-huquq tizimi rivojiga katta ishonch bildirib o‘tdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan Yaponiya Adliya vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi. Ushbu memorandumga muvofiq, tomonlar o‘z vakolatlari doirasida va o‘z davlatlarining qonunchiligi hamda xalqaro majburiyatlariga amal qilgan holda fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, huquq ijodkorligi jarayonini takomillashtirish, yuridik xizmatlar ko‘rsatish faoliyati samaradorligini oshirish, yuridik kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish va o‘zaro manfaatli bo‘lgan boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik olib borishadi.

Hozirda idoralararo delegatsiyaning xizmat safari Nagoya shahrida davom etmoqda va tashrif davomida Nagoyadagi vatandoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish hamda Nagoya universiteti tomonidan tashkil etilgan seminar va ma’ruzalarda ishtirok etish ko‘zda tutilgan.

“Dunyo” AA
Tokio