• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Namangan shahrida 300 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi

18.03.2019

2019-yilning 18-mart kuni Namangan shahrida Rossiyaning “Fabrika Nashe” korxonasining paypoq mahsulotlari ishlab chiqarish yangi quvvatlariga birinchi ramziy tosh qo‘yildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 28-fevral – 1-mart kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlarni bajarish doirasida bo‘lib o‘tdi.

Birinchi toshni qo‘yish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir birinchi o‘rinbosari Achilbay Ramatov, Namangan viloyati hokimi Hayrullo Bazarov, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Alisher Abdualiyev, Namangan shahri rahbariyati va “Fabrika Nashe” korxonasi vakillari ishtirok etdilar.

Shahar hokimiyati va O‘zbekistonning Rossiyadagi Elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, fabrika qurilishi va ishga tushirilishiga 1,6 million dollardan ortiq hajmdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritiladi. Bu erda 300 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Bo‘lajak korxona hududida rossiyalik hamkorlar bilan loyihani amalga oshirish bosqichlari va obyektni tezda ishga tushirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar muhokama qilindi.