• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Markaziy Osiyo: Iqtisodiy rivojlanishning yangi istiqbollari

16.03.2019

Toshkent shahrida 15 mart kuni Markaziy Osiyo birinchi iqtisodiy forumi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilk bor tashkil etilgan mazkur yirik forumda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Turkmaniston hukumatlari vakillari mintaqa davlatlari oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, oʻzaro savdo hajmi va turizm jozibadorligini oshirish masalalarini muhokama qildi.

Forum ochilishida Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiy barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash, eksportni diversifikatsiya qilish, yetakchi tarmoqlarda texnologik va innovatsion yechimlarni topish kabi dolzarb masalalarni hal etishda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

– Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari kuchaydi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari E.Gʻaniyev. – Transport-kommunikatsiya, energetika sohalaridagi aloqalar rivojlanmoqda. Xususan, 2018 yilda mintaqada oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 35 foizga oʻsgan. Shunga qaramay, savdo-iqtisodiy sohada erishilgan natijalar mamlakatlarimiz salohiyatiga mos emas.

Qayd etilganidek, mintaqa mamlakatlari oldida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, tranzit imkoniyatlarini kengaytirish va transport markazlarini rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoit, zarur infratuzilmalarni yaratish kabi vazifalar turibdi.

Forumda mintaqa davlatlariga dengiz portlari va xalqaro bozorlarga chiqish imkonini beradigan transport va logistika tizimlarini takomillashtirish, mavjud turistik salohiyatdan samarali foydalanish hisobiga sayyohlik tarmogʻining iqtisodiyotdagi ulushini oshirib borish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

– Mintaqa davlatlari rahbarlari tashabbusi bilan xalqaro transport yoʻlaklarini kengaytirishga doir saʼy-harakatlar faollashdi, – dedi Turkmaniston moliya va iqtisodiyot vaziri oʻrinbosari E.Annamuhammedov. – Shu bilan birga, Markaziy Osiyo orqali oʻtuvchi xalqaro transport yoʻlaklari ham tashkil etilmoqda.

2017 yilda Afgʻoniston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya “Lojuvard” transport yoʻlagini yaratish toʻgʻrisidagi kelishuvga erishdi. Unga muvofiq, avtomobil va temir yoʻllari orqali Torkundi shahri (Afgʻoniston) Ashxobod va Turkmanboshi shaharlari bilan bogʻlanadi. Shu tariqa yoʻlak Yevropaning transport tizimiga ulanadi.

Forum shuʼba majlislarida koʻp tomonlama savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, Markaziy Osiyoning sayyohlik jozibadorligi, transport va tranzit salohiyatini oshirish boʻyicha takliflar oʻrganildi. Xususan, Oʻzbekiston tomoni Markaziy Osiyoda “Shengen”, “Ipak yoʻli” vizalarini joriy qilish haqidagi tashabbusni ilgari surdi. Qozogʻiston vakillari mintaqada investitsiyaviy muhitni yaxshilash, kosmik sohadagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyish taklifini bildirdi.

– Global iqtisodiyotda savdo urushlari avj olayotgan bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari, avvalo, mintaqaviy investitsiya muhitini yaxshilash strategiyasini ishlab chiqishi lozim, – dedi Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari J.Kasimbek. – Ushbu vazifa mintaqaning xalqaro savdo imkoniyatlarini oshirish borasida aniq chora-tadbirlarni belgilab olish imkonini ham beradi.

Forumda mintaqadagi mavjud erkin iqtisodiy zonalarda qoʻshma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida qoʻshma korxonalar ochish, xalqaro transport yoʻlaklarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi.

Markaziy Osiyo birinchi iqtisodiy forumi doirasida mintaqa mamlakatlari ishbilarmon doiralari kooperatsion birjasi, shuningdek, “Oʻzekspomarkaz”da milliy ishlab chiqaruvchilar koʻrgazmasi tashkil etildi.

Forum yakuni boʻyicha tomonlar qoʻshma bayonot imzoladi.