• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Farg‘ona “Temurbeklar maktabi”ga Amir Temur byusti o‘rnatildi

Kecha, 9-aprel kuni Farg‘ona viloyatida joylashgan “Temurbeklar maktabi”da buyuk Amir Temur tavalludining 683 yilligi hamda Sohibqiron byustining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.

Unda Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev, Sharqiy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Lutfullo Buzrukov, faxriylar, viloyat faollari hamda o‘quvchi yoshlar ishtirok etgan.

Amir Temur byusti buyuk davlat asoschisi Sohibqiron nomi, boy merosi va xotirasini ulug‘lash, uning ulug‘ sarkarda sifatidagi harbiy salohiyatini namoyon etish bilan birga, harbiy xizmatchilar, ayniqsa, yoshlar qalbida vatanparvarlik, buyuk ajdodlarga hurmat, g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Tadbir qatnashchilari buyuk Sohibqiron byusti poyiga gulchambarlar qo‘ygan. Marosim davomida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev so‘zga chiqib, Amir Temur davlatchiligi, uning odil siyosati haqida fikr bildirgan.

Tadbir yakunida Farg‘ona viloyati hokimi harbiy xizmatchilarga “Temur tuzuklar” kitobini ulashgan.

Shu kuni Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida joylashgan Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qismlarning birida ham “Amir Temur – adolat va qudrat timsoli” g‘oyasi ostida byust majmuasi ochilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tgan.

Ushbu tadbirda Qashqadaryo viloyat Amir Temur jamoasi fondi rahbari – Qarshi davlat unversiteti professori Ochil Bo‘riyev, Qashqadaryo viloyat O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Baxodir Abdurazzoqov, Muborak tuman “Muborakneftgaz” MChJ rahbari Qahramon Qurbonov, tuman hokimligi va boshqalar ishtirok etgan.

Tadbir so‘ngida mazkur majmuani qurilish ishlari va tashkil qilishda amaliy yordamlari uchun homiy tashkilotlarga harbiy qism qo‘mondonligining esdalik sovg‘alari topshirilgan.