• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

“O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida temir yo‘lda yuk tashuvini oshirish”

04.02.2019

Ana shunday mavzu ostida mamlakatimizning Mozori-Sharif shahridagi konsulxonasi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ qarashli “So‘g‘diyona trans” sho‘‘ba korxonasi hamkorligida seminar o‘tkazildi.

Tadbirda Afg‘onistondagi Balx viloyati gubernatorining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, Tashqi ishlar vazirligining Balx viloyatidagi bo‘limi rahbari, viloyat Savdo va sanoat palatasi raisi, Sanoat va ishlab chiqaruvchilar palatasi rahbari, Temir yo‘l boshqarmasi boshlig‘i, Bojxona boshlig‘i o‘rinbosari hamda Xayraton temir yo‘l stansiyasi va transport kompaniyalari vakillari ishtirok etdilar.

Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, yurtboshimizning 2018 yilning dekabrida Oliy Majlisga murojaati hamda joriy yilning – “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”, deb e’lon qilingani to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi. Shu o‘rinda, ikki davlat o‘rtasida savdo, investitsiya va tranzit yuklarini tashishda O‘zbekiston tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar, investorlarga berilayotgan imtiyoz va qulayliklar hamda mazkur sohada qabul qilingan qonun hujjatlari haqidagi axborotlar ham yig‘ilish ishtirokchilari e’tiboriga havola qilindi.

“So‘g‘diyona trans” sho‘‘ba korxonasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sh.Aliqulov o‘z nutqida “Xayraton-Mazori-Sharif” temir yo‘lining ekspluatatsiya qilinishi, amaldagi temir yo‘l tarmog‘i faoliyatini yanada yaxshilash hamda intensiv tranzit va transport salohiyatini oshirish masalalari to‘g‘risida so‘z yuritdi.

O‘z navbatida, mazkur korxonaning Yuklarni tashish va tijorat bo‘yicha menedjeri B.Madaminov afg‘on yuklarini O‘zbekiston hududi orqali uchinchi davlatga yetkazishga oid tasdiqlangan xalqaro tartib–qoidalar, shuningdek, temir yo‘l hujjatlarini to‘ldirish va xalqaro yuklarni rasmiylashtirish bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.

Balx viloyati gubernatori o‘rinbosari Sh.Shujo mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida ko‘plab yo‘nalishlarda rivojlanib borayotgan aloqalar borasida nutq so‘zladi.

Uning ta’kidlashicha, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘anining O‘zbekistonga qilgan rasmiy tashrifi natijalari afg‘on xalqi tomonidan yuksak e’tirof etildi.

O‘z navbatida, u O‘zbekiston tomonidan Afg‘oniston iqtisodini tiklashda ko‘rsatilayotgan yordam uchun respublikamiz rahbariyati va xalqiga o‘z minnatdorchiligini izhor etdi.

Balx viloyati bojxona xizmati rahbari o‘rinbosari Xoji Muhammad Luqmonning fikricha, ikki davlat mutasaddi tashkilotlari vakillari hamda o‘zbek va afg‘on ishbilarmon doiralari ishtirokida doimiy ravishda mana shunday uchrashuv va suhbatlarning o‘tkazilishi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish, bojxona va tranzit yuklarni tashish sohalarida ba’zida yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishda muhim rol o‘ynaydi.

Balx viloyati Savdo va sanoat palatasi raisi O.Yunusiyning qayd etishicha, hozirda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida hamkorlik aloqalari jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston hududi orqali tijorat va xalqaro yuklarni tashish hajmini oshirishda eng avallo hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini soddalashtirish, chegara o‘tish punktlarida yuklarni asossiz turib qolishining oldini olish hamda temir yo‘l vositasida yuklarni tashishga belgilangan transport va sug‘urta qiymatlarini pasaytirish maqsadga muvofiqdir.

“Dunyo” AA
Mozori-Sharif