• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

“Islom merosini saqlash va diniy bag‘rikenglikni targ‘ibоt qilishda O‘zbekistonning muhim roli”

18.03.2019

Kuvayt Universiteti qoshidagi Til o‘qitish markazining tinglovchisi Saidkamol Nabiyevning “as-Siyasa” gazetasida chop etgan maqolasi ana shunday nomlanadi. U mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar taxliliga bag‘ishlangan.

Muallifning qayd etishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan o‘tgan yili Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining ochilishi esa xorijlik mutaxassislarni ham qiziqtirib, ularni shu dargohda ishlashga jalb qilmoqda. Mamlakatda zamonaviy fikrlaydigan, diniy va dunyoviy ilmlarni puxta o‘zlashtirgan diniy kadrlar tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda.

2016 yilning 16 aprelida O‘zbekiston Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan edi. Mazkur farmon ijrosini ta’minlash, hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk vatandoshlarimizning boy merosini puxta o‘rganish, ular asos solgan hadis ilmi maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, shuning barobarida, sohaga oid oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Darhaqiqat, ilm tajriba almashish orqali kamol topadi. Shu maqsadda, bu dargohda asrlar davomida shakllangan hadis ilmi maktablari an’analarini davom ettiradi. Shuningdek, o‘quv rejalarini tuzishda Misr, Mavritaniya, Turkiya, Pokistondagi hadis ilmlari bo‘yicha dunyoning yetakchi o‘quv yurtlari tajribasi o‘rganildi va ularning qo‘lga kiritgan yutuqlari amalga joriy etiladi.

O‘zbekistonning nufuzli ta’lim muassasalaridan hisoblangan Toshkentdagi islom akademiyasi bilan Kuvayt universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim loyihasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur bitim ikki oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘qituvchi-professorlar va talabalar almashish, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, turli konferensiyalar va simpoziumlar tashkil etish, xadis va tarixiy qo‘lyozmalarni o‘rganish, arab tili mutaxassisligi bo‘yicha O‘zbekiston vakillarining Kuvaytda malakalarini oshirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Qo‘lyozmalarni o‘rganish instituti bilan Kuvaytdagi Al-Babteyn jamg‘armasi va kutubxonasi o‘rtasida qadimiy qo‘lyozmalarni o‘rganish sohasida hamkorlik o‘rnatilgan.

Hadis ilmi maktabi dunyoga ilm-ma’rifat eshiklarini ochib bergan ulug‘ allomalarimiz, muhaddis ajdodlarimiz ishlarini davom ettirish imkoniyatini taqdim etmoqda. Albatta, bu dargohda ta’lim olgan yoshlar ertaga malakali mutaxassislar sifatida ajdodlar davomchisi bo‘lishga, yoshlarimiz ongini yot g‘oyalardan himoya qilishga, ularda chinakam mafkuraviy immunitet shakllanishiga, dinimiz sofligini odamlar ongu shuuriga singdirishga xizmat qiladi.

“Dunyo” AA,
Kuvayt