• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

“Humo Arena” O‘zbekiston sporti tarixida yangi sahifa ochadi

15.03.2019

Bugun Toshkent shahrida “Humo Arena” ko‘p tarmoqli muz saroyining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, barchani ushbu qutlug‘ voqea bilan tabrikladi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizda olib borilayotgan keng miqyosli islohotlarda sog‘lom va barkamol yosh avlodni tarbiyalash, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

– Yurtimizning barcha hududlarida, hatto olis tumanlarda zamonaviy va ommabop sport infratuzilmasi yaratilmoqda. Jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanuvchilar soni oshib bormoqda. Keyingi ikki yilda O‘zbekiston sportchilari xalqaro musobaqalarda mingdan ziyod, shu jumladan, 400 dan ortiq oltin medallarni qo‘lga kiritdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugungi kunda sportning boks, dzyudo, erkin kurash, badiiy gimnastika, shaxmat va boshqa turlari bo‘yicha o‘zbek maktablari butun dunyoga ma’lum va mashhur. Mamlakatimiz nufuzli xalqaro turnirlar, xususan, jahon va mintaqa chempionatlarini qabul qilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan 2030 yilgi yozgi Osiyo o‘yinlarini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi ilgari surilgan.

– Vatanimiz sportchilari figurali uchish, xokkey, tog‘ chang‘isi, fristayl, snoubord kabi eng tomoshabop qishki sport turlarida ham munosib ishtirok etishlariga intilmoqdamiz. Fristayl bo‘yicha qishki Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlaridagi oltin medallar, figurali uchish bo‘yicha Osiyo o‘yinlari va boshqa xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritilgan yetmishdan ortiq medal bu boradagi yutuqlarimizdir. Biz ushbu shonli sport an’analarini davom ettirishni burchimiz deb bilamiz, – deya ta’kidladi Prezidentimiz.

O‘zbekiston davlat madhiyasi yangrab, mamlakatimiz bayrog‘i baland ko‘tarildi.

Ochilish marosimi sportchi va san’atkorlar hamkorligida tayyorlangan shou dastur bilan davom etdi. Muz maydoni sathida 3D mepping texnologiyasi asosida Humo qushi, bu yerda o‘tkaziladigan sport turlari tasviri namoyish etildi. Sportchi yoshlar hamda bolalar ko‘rgazmali chiqishlar qildi. O‘zbekistonning yosh sportchilari va mashhur xokkeychilar o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Yurtimizda qishki sportni rivojlantirish bo‘yicha boshlangan ishlar o‘z natijalarini bera boshladi. O‘tgan yili to‘rtta xokkey klubi tashkil etildi. Joriy yil fevralda xokkey bo‘yicha birinchi chempionatga start berildi. Yaqinda Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida bo‘lib o‘tgan qishki Universiadada mamlakatimiz sportchilari ilk bor ishtirok etdi.

“Humo Arena” zamonaviy muz saroyining foydalanishga topshirilishi O‘zbekiston sporti tarixida yangi bosqichni boshlab beradi.

Ushbu inshoot ilg‘or muhandislik va binokorlik yechimlari, texnik jihozlanganlik darajasi bilan betakrordir. Majmuaning 12 ming 500 o‘rindan iborat asosiy maydoni transformatsiya usulida qurilgan bo‘lib, qisqa vaqtda uni qayta jihozlash, o‘rindiqlar sonini oshirish yoki kamaytirish mumkin.

Bu xokkey, figurali uchish, short-trek, kyorling kabi qishki sport turlari bilan birga kurash, boks, mini-futbol, basketbol, voleybol, taekvondo bo‘yicha musoqabalar o‘tkazish, shuningdek, konsert, shou, ko‘rgazma, konferensiya va boshqa madaniy tadbirlar tashkil etish imkonini beradi.

Arenani loyihalashtirish va qurishda zamonaviy shaharsozlik qoidalari, ekologik xafsizlik va sport inshootlariga doir xalqaro talablarga rioya qilingan, energiya samarador texnologiyalar qo‘llanilgan.

Majmuaning konseptual loyihasi Janubiy Koreyaning “Heerim Architects & Planners” kompaniyasi, tom qismining loyihasi Avstriyaning “Oberhofer Stahlbau” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Umuman, inshootni qurish va jihozlashda Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSh, Ispaniya, Italiya, Belgiya, Fransiya, Finlyandiya, Rossiya kabi mamlakatlarda ishlab chiqarilgan texnika va texnologiyalardan foydalanilgan.

“Humo Arena” yuqori toifali sportchilarni tayyorlash, yirik xalqaro musobaqalarni o‘tkazish, eng muhimi, yoshlarni sportning qishki turlariga ham keng jalb etishda muhim omil bo‘ladi. Shuningdek, ko‘p tarmoqli sport-ko‘ngilochar inshooti sifatida barcha aholi qatlamlarining jismoniy va madaniy kamolotiga xizmat qiladi. Kelgusida bunday majmua va markazlarni mamlakatimizning boshqa hududlarida ham qurish ko‘zda tutilgan.

Marosimda Xalqaro xokkey federatsiyasi prezidenti Rene Fazel, dunyoga mashhur sportchi va san’atkorlar ishtirok etdi.