• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Yosh kinoijodkorlarimiz xalqaro ekspertlarning mahorat darslarida ishtirok etdi

26.01.2018

Poytaxtimizda YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda «O‘zbekkino» milliy agentligi hamkorligida yosh kinoijodkorlar uchun seminar-trening o‘tkazilmoqda.

Seminardan maqsad mamlakatimizda kino sanoatini takomillashtirish, xususan, milliy kinematografiyaning rivojlanish holati va istiqbolini o‘rganish hamda buni muhokama qilishdan iborat. Shuningdek, kino ijodkorlar, prodyuserlar, ssenariy mualliflari uchun kino loyihalarini ishlab chiqish va ularni soha bo‘yicha o‘qitish tashkil etildi. Mahorat darslari xalqaro ekspertlar, akademik hamda kinoshunoslar tomonidan olib borildi.

– Kino sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlab borish asosiy vazifalardan biri hisoblanadi, –deydi akademik Akbar Hakimov. – Yurtimizda madaniyat sohasiga berilayotgan ulkan e’tibor nafaqat o‘sib kelayotgan yosh ijodkorlarga, balki sohada o‘z o‘rniga erishib ulgurgan mutaxassislarga ham o‘zgacha bir ilhom va yangi ijodiy parvoz bag‘ishlaydi. Mazkur trening bo‘lajak mutaxassislar uchun ko‘plab yutuqlarga erishish yo‘lidagi yana bir imkoniyat bo‘ldi.