• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

26.01.2018

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, fuqarolarning sog‘liqni saqlashga doir huquqlari davlat tomonidan kafolatlanishini ta’minlash, fuqarolarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholining barcha qatlamlari tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun sharoit yaratish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

2017-yilda tez tibbiy yordam xizmati uchun 1269 ta ixtisoslashtirilgan avtotransport xarid qilindi va bu hududlarning ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplash imkonini berdi, tez tibbiy yordam xizmatini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash esa 2 baravar ko‘paydi.

Shoshilinch tibbiy yordam xizmati faoliyatining tashkiliy asoslari shakllantirilganiga qaramay, hanuzgacha uning samaradorligi zamon talablariga javob bermaydi, tez tibbiy yordam ko‘chma brigadalarining dori vositalari va tibbiy buyumlar, shuningdek, ixtisoslashtirilgan tibbiy jihozlar bilan ta’minlanganlik darajasi yetarli emasligicha qolmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-martdagi “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4985-sonli Farmoniga muvofiq hamda shoshilinch tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirish, shu jumladan, tez tibbiy yordam xizmatining tezkorligi, samaradorligi va sifatini oshirish maqsadida:

1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:

shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam, mulkiy shakli va boshqaruvidan qat’iy nazar, barcha tibbiyot muassasalarida aholiga bepul ko‘rsatiladi;

hayot uchun xavf tug‘diruvchi holatlarda tibbiyot muassasalariga shoshilinch tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan shaxslarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishni rad etish taqiqlanadi.

2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2018-yilda shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi (bundan buyon – Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

tez tibbiy yordam xizmatining sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘ini muassasalari bilan samarali integratsiyasini ta’minlash mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish orqali tez tibbiy yordam xizmati samaradorligini, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning tezkorligi va sifatini oshirish;

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (bundan buyon –RShTYoIM), uning filiallari va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

tez tibbiy yordam xizmati ixtisoslashtirilgan avtotransportini zamonaviy tibbiy uskunalar va raqamli radioaloqa vositalari (ratsiyalar) bilan jihozlash va qo‘shimcha jihozlash;

shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal rivojlantirishni ta’minlaydigan ilmiy tadqiqotlarning ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlari hamda ilg‘or texnologiyalarni hisobga olgan holda tibbiy kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish.

3. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi va RShTYoIM hududiy filiallari tez tibbiy yordam stansiyalari negizida butun respublika hududida tez tibbiy yordamni shoshilinch chaqirishga mo‘ljallangan tunu kun ishlaydigan yagona telefon raqamining uzluksiz faoliyatini ta’minlaydigan Call-markazlar tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

4. Tez tibbiy yordam tizimini ixtisoslashtirilgan avtotransport bilan jihozlash normativlari va ulardan foydalanish muddatlari 2-ilovaga muvofiq, shuningdek, tez tibbiy yordam xizmati ko‘chma brigadasini tibbiy uskunalar va inventarlar bilan jihozlash tabeli 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rnatilgan tartibda:

bir oy muddatda tez tibbiy yordam to‘g‘risida nizom hamda tez tibbiy yordam brigadalarini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlashning yangilangan normativlarini tasdiqlasin;

mazkur qaror qabul qilinishini inobatga olgan holda bir oy muddatda bemorlarni respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga shoshilinch yotqizilishini talab etuvchi kechiktirib bo‘lmaydigan holatlar Ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqsin va tasdiqlasin;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar to‘liq va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini ta’minlasin;

ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda Call-markazlar faoliyatini tashkil etish uchun shifokor, o‘rta tibbiy va texnik xodimlar lavozimlarini joriy etish yo‘li bilan tez tibbiy yordam xizmatining yangilangan shtat me’yorlarini qayta ko‘rib chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin, shuningdek, ularni aholiga samarali va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan malakali tibbiy kadrlar bilan qo‘shimcha ta’minlasin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2018-yil 1-fevralidan tez tibbiy yordam brigadalari haydovchilariga ularga bemorlarni tashish bo‘yicha qo‘shimcha ravishda yuklatilgan funksiyalarni bajargani uchun, agar sanitar shtati mavjud bo‘lmasa, tarif stavkasida 30 foiz miqdorida ustama to‘lashni joriy qilish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda ushbu qaror va Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni bajarish uchun har yili zarur byudjet mablag‘lari ajratilishini nazarda tutsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari rahbarlari tez tibbiy yordam tizimining avtogaraj xo‘jaligiga doir talablarga rioya etilishi, uning moddiy-texnik vositalar bilan ta’minlanganligi, shuningdek, tez tibbiy yordam brigadasi ixtisoslashtirilgan avtotransportining uzluksiz ishlashi uchun shaxsan javobgardirlar.

9. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun xorijiy davlatlar, xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlarini (zayomlarini) va grantlarini hamda boshqa byudjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish yuzasidan zarur choralar ko‘rsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bir oy muddatda tibbiyot muassasalari rahbarlarini mazkur muassasalar tomonidan shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatish asossiz ravishda rad etilgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ma’muriy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 21-maydagi “Tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-1114-son qarorining 2-bandi va uning 1-ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi 2018-yilda shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi bajarilishining tahlillariga asosan 2019-yilda shoshilinch tibbiy yordam tizimidagi kompleks tadbirlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar kiritsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.Akmalov zimmalariga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 25-yanvar

* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
“Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga
SH A R H

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2017-yil 18-oktyabrda o‘tkazilgan sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, kelgusidagi vazifalar va istiqboldagi rejalarga bag‘ishlangan majlis bayonida belgilangan topshiriqni ijro etish yuzasidan ishlab chiqilgan.

Xalqimizning sog‘lig‘ini yanada mustahkamlash, yetuk va barkamol avlodni tarbiyalashni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Jumladan, hozirgi vaqtda mamlakatimizda eng takomillashgan va zamonaviy shart-sharoitlarni yaratishga, tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirishga jiddiy e’tibor berilmoqda. Davlatimiz rahbari o‘zining har bir nutqida, uchrashuvlarda xalqimiz o‘z hayotidan rozi bo‘lishi uchun eng avvalo uning sifatli tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish zarurligini qayta-qayta qayd etmoqda.

Bugungi kunda shoshilinch tibbiy yordam tizimining tarkibi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning viloyat filiallari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalarining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlari, tez tibbiy yordam stansiyalari va sanitar aviatsiyasi xizmatini o‘z ichiga oladi. Har yili shoshilinch tibbiy yordam tizimi muassasalarida 600 mingdan ortiq bemor statsionar davolanmoqda, 1 milliondan ortiq kishiga ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, tez tibbiy yordam xizmati tomonidan esa yiliga 7 milliondan ortiq chaqiriqqa xizmat ko‘rsatilmoqda.

2017-yilda tez tibbiy yordam xizmati uchun 1269 ta ixtisoslashtirilgan avtotransport xarid qilindi va buning natijasida hududlarning ushbu texnikaga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplandi. Tez tibbiy yordamning sayyor brigadalarini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash ko‘rsatkichi 2 baravar ko‘paydi.

Shu bilan birga, tez tibbiy yordam ko‘rsatish samaradorligi hali-hanuz zamonaviy talablarga javob bermaydi. Sayyor brigadalarning bir marta qo‘llaniladigan tibbiy buyumlar va tibbiy jihozlar bilan ta’minlanganligi qoniqarsiz darajada qolmoqda.

103 telefon raqami orqali tushayotgan har bir chaqiriqni, uning ustuvorlik va shoshilinchlik darajasidan qat’iy nazar, so‘zsiz bajarish qoidasiga asoslangan aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatishning tashkiliy tuzilmasini oqilona tuzilma, deb bo‘lmaydi. Hozirgi kunda tez tibbiy yordam brigadalari tomonidan bajarilayotgan chaqiriqlarning 30 foizi inson hayotiga xavf tug‘dirmaydigan surunkali kasalliklar bo‘yicha bajarilayotgani bundan dalolat beradi.

Yuqoridagilarni e’tiborga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ushbu tizimni rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari, tez tibbiy yordam xizmati faoliyati sifati va natijadorligini oshirish, shoshilinch tibbiy yordam sohasida ilmiy tadqiqotlar doirasini kengaytirish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash chora-tadbirlari nazarda tutilgan. Bular:

tez tibbiy yordam xizmatining birlamchi sog‘liqni saqlash bo‘g‘ini muassasalari bilan samarali integratsiyasini ta’minlash mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish yo‘li bilan tez tibbiy yordam xizmati samaradorligini, u tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning tezkorligi va sifatini oshirish;

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning filiallari va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarining hamda tez tibbiy yordam brigadalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shu jumladan, ularni zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash va qo‘shimcha jihozlash;

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va hududiy filiallarining kadrlar, ilmiy va texnik salohiyatini keng jalb etish yo‘li bilan tizim uchun tibbiy kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish;

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi va RShTYoIM hududiy filiallari tez tibbiy yordam stansiyalari qoshida tez tibbiy yordamni chaqirishga mo‘ljallangan tunu kun ishlaydigan, yagona telefon raqamining uzluksiz faoliyatini ta’minlaydigan Call-markazlar tashkil etish belgilangan.

Shu bilan birga, Prezidentning qarori bilan tasdiqlangan Chora-tadbirlar dasturida hududlarga amaliy yordam berish uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislarining mintaqalarga muntazam ravishda chiqishlarini tashkil etish nazarda tutilgan.

Shoshilinch holatlarda tashxis qo‘yish va davolashning yangi, samarali texnologiyalarini yaratishga qaratilgan istiqbolli yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borish, ularni sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy etish, shu jumladan, intervension kardiologiya, kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, mikroxirurgiya, endovideoxirurgiya usullarini keng va tizimli ravishda joriy etish;

shoshilinch tibbiy yordam tizimining vrachlari va o‘rta tibbiyot xodimlari, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarini jahonning yetakchi xorijiy klinikalarida qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;

qarorning tegishli bandi bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga bir oy muddatda tibbiyot muassasalari rahbarlari shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishni asossiz ravishda rad etgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ma’muriy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish vazifasi yuklatildi.

Mutaxassislar tomonidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar darajasini oshirish, shoshilinch vaziyatlarda tashxis qo‘yish va davolashning yangi istiqbolli usullarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish ushbu qarordan kutilayotgan natijalar hisoblanadi. Bu, o‘z navbatida, davolash jarayoni samaradorligini oshiribgina qolmay, balki statsionarda davolanish muddatlarini va ushbu maqsadlar uchun sarf-xarajatlarni qisqartirishga xizmat qiladi;

fuqarolarning malakali tibbiy xizmatlarga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, tez tibbiy yordamning sifatini oshirish uchun tashkiliy, iqtisodiy va huquqiy shart-sharoitlar yaratadi;

tez tibbiy yordam xizmati amaliyotiga zamonaviy ilmiy-texnik vositalarni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish yo‘li bilan uning tezkorligi, sifati va samaradorligi darajasi oshiriladi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu qaror va u bilan tasdiqlangan huquqiy-me’yoriy hujjatlar shoshilinch tibbiy yordam tizimini, shuningdek, tez tibbiy yordam xizmatini yanada takomillashtirishda, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yangi darajaga ko‘tarishda, ilg‘or xorijiy tajribani amaliyotga joriy etishda, soha mutaxassis-olimlar tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot faoliyati ko‘lamlarini kengaytirishda dasturilamal bo‘ladi.

So‘z aholi sog‘lig‘i, insonlarning manfaatlari, xalqning farovonligi haqida borar ekan, ushbu masalalar doimo diqqat-e’tiborda bo‘ladi.