• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini “Amazon” tarmog‘ida sotish yo‘lga qo‘yiladi

26.01.2018

O‘zbekiston delegatsiyasi AQShning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan “TexWorld USA” nufuzli xalqaro to‘qimachilik ko‘rgazmasida ishtirok etdi.

Uning yakunida O‘zbekistondan to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha infratuzilma, jumladan, logistika va sug‘urta tizimini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. O‘z navbatida o‘zbek tovarlarini onlayn savdo tizimlari, jumladan, “Amazon” tarmog‘ida sotish, ularni pochta orqali AQShga yuborish yo‘llari ishlab chiqildi. Ayni chog‘da Amerikada “Farg‘ona” brendi ro‘yxatdan o‘tkazilib, yana bir savdo belgisi hisoblangan “O‘zbekiston” ilgari surilayapti.

Bundan tashqari, Nyu-Yorkdagi “O‘ztreyd” savdo uyi imkoniyatlaridan foydalangan holda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tekstil mahsulotlarini katta miqdorda okean orti bozorlariga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. “O‘zbekengilsanoat” davlat uyushmasi bilan to‘qimachilik sohasi uchun asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.

Amerika bozorida tovarlarni ilgari surish bo‘yicha mutaxassis K. Kangalning aytishicha, “o‘zbek ishlab chiqaruvchilari mazkur industriyaga yangi standartlarni olib kirish va u yerdagi an’anaviy ishtirokchilarga narx bo‘yicha raqobat paydo qilishga tayyor”. U O‘zbekistondagi “Nil Granit” kompaniyasi amerikalik brokerlar bilan oyida 100 ming dona tekstil mahsulotini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangani haqida ham aytib o‘tdi.

O‘z navbatida, ko‘rgazmaning O‘zbekiston bo‘lmasi dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Jumladan, “Messe Frankfurt” ko‘rgazmasi tashkilotchi kompaniyalari prezidenti Dennis Smit mamlakatimizda ishlab chiqarilgan rang-barang to‘qimachilik mahsulotlari noyobligi bilan diqqatni tortishini aytib o‘tar ekan, o‘zi bir necha marotaba O‘zbekistonda bo‘lganini ham e’tirof etdi. Uning o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda ishonch bilan aytishicha, nafaqat ulkan va istiqbolli bozor bo‘lgani uchun, balki bugungi kunga qadar saqlanib qolgan milliy to‘qimachilik an’analari bois ham xorijlik biznes doiralar o‘zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlik qilishni afzal bilishadi.