• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Ipakchilik bo‘yicha xalqaro komissiyaning navbatdagi sammiti O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi

31.01.2018

Guvaxati (Hindiston) shahrida Ipakchilik bo‘yicha xalqaro komissiya boshqaruv kengashining 25-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uning ishida «O‘zbekipaksanoat» assotsiatsiyasi raisi B. Sharipov hamda «Bukhara Brilliant Silk» qo‘shma korxonasi direktori B.Jo‘rayevdan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Bahrom Sharipov tadbir ishtirokchilari oldida so‘zga chiqib, O‘zbekistonda ipakchilik ko‘hna tarixga ega bo‘lgani holda yurtimizda ko‘p asrlik tajriba to‘planganini ma’lum qildi. Buyuk Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan O‘zbekiston o‘zining atlas, adras, beqasam singari gazlamalari bilan dunyoda shuhrat qozonganini qayd etdi.

Alohida ta’kidlanganidek, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan sohaga ulkan e’tibor qaratilayotgani tufayli bugungi kunda ipakchilik tarmog‘i rivojlanishning mutlaqo yangi bosqichiga kirdi. Ipak qurti ishlab chiqaradigan 20 ta korxona hamda jahon bozorida sifatni va raqobatbardoshlikni ta’minlaydigan 40 dan ziyod ipakni qayta ishlash kompaniyalari to‘la modernizatsiya qilindi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 500 mingdan ziyod kishi ushbu sohada mehnat qilmoqda. Ipakchilik sanoatini rivojlantirish hamda xorijiy sarmoyadorlar uchun yanada qulay sharoitlarni yaratish bo‘yicha hukumat tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar bois yirik sarmoyadorlar ushbu tarmoqqa katta qiziqish bildirishmoqda.

Guvaxatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish doirasida Ipakchilik bo‘yicha xalqaro komissiya bosh kotibi lavozimiga saylov ham o‘tkazildi. Uning yakuni bo‘yicha Hindiston vakili R.Okxandiar eng ko‘p ovoz olishga muvaffaq bo‘ldi.

Yig‘ilish yakunida 2018 yil noyabr oyida Ipakchilik bo‘yicha xalqaro komissiyaga a’zo davlatlarning navbatdagi uchrashuvini O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha mamlakatimiz delegatsiyasining tashabbusi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

Shuni ham eslatib o‘tish joizki, 1960 yili tashkil qilingan Ipakchilik bo‘yicha xalqaro komissiya hukumatlararo tashkilot bo‘lib, BMT tomonidan ro‘yxatga olingan. Uning bosh qarorgohi Hindistonning Bangalor shahrida joylashgan. Ilgari xabar qilinganidek, 2017 yil sentyabridan e’tiboran O‘zbekiston ushbu nufuzli tashkilotga a’zo bo‘lgan yigirmanchi mamlakat hisoblanadi.

“Jahon” AA,

Dehli