• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

O‘zbekistonda yil yakunlari xorijiy mamlakatlar elchilarining nigohida

11.01.2018

O‘tgan yil O‘zbekiston tarixida alohida davr bo‘lib qoldi. Chunki 2017 yil “yorqin”, “tarixiy”, “mamlakatda birinchi marotaba”, deya ta’riflangan ko‘pgina muhim voqealarni qamrab oldi. Toshkentda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatiya korpusi vakillari “Jahon” axborot agentligi muxbiri bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida ana shunday fikrlarni bildirdilar.

Nobuaki Ito, Yaponiyaning Favqulodda va Muxtor elchisi:

– Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari lavozimiga kirishgan vaqtdan buyon O‘zbekistonda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda salmoqli islohotlar hayotga tadbiq etildi.

Shu ham e’tiborga sazovorki, o‘tgan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da Prezidentning Virtual qabulxonasiga murojaat qilgan fuqarolarning masalalari o‘z yechimini topdi. 2017 - 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi jamoatchilik tomonidan muhokama etilganidan so‘ng qabul qilingani yuqori bahoga sazovordir. Bularning barchasi xalq bilan muloqot va inson manfaatlari himoyasini kuchaytirishga yo‘naltirilgan siyosat yuritilayotganidan dalolatdir.

Iqtisodiyot sohasidagi o‘zgarishlar haqida to‘xtalar ekanmiz, O‘zbekiston hukumatining valyutani erkin ayirboshlash to‘g‘risidagi qaroriga alohida munosabat bildirishni istar edim. Bu O‘zbekistondagi biznes muhitini yaxshilash nuqtai nazaridan ko‘pgina xorijlik investorlar, shu jumladan, yapon sarmoyadorlari uchun ham uzoq kutilgan islohot bo‘ldi. Shu bois mamlakatimiz bu qarorni olqishlaydi. Umuman, mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan barcha yangilanishlar ijobiy bahoga loyiqdir.

2017 yili O‘zbekiston diplomatik faollikni sezilarli darajada kuchaytirdi. Shu o‘rinda respublikaning mintaqadagi qo‘shni mamlakatlar, jumladan, Afg‘oniston bilan o‘zaro aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha olib borgan sa’y-harakatlarining samaradorligini alohida ta’kidlash joiz. Bu nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyo barqarorligi nuqtai nazaridan favqulodda muhimdir. Tokio o‘z tomonidan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasida mintaqa ravnaqiga hissa qo‘shmoqda.

Do‘st O‘zbekiston rahbariyatining “Faol tadbirkorlik, innovatsiong‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilingan 2018 yilga mo‘ljallagan rejalari haqida ham qisqacha to‘xtalishni istar edim. Darhaqiqat, tadbirkorlikdagi xalqaro raqobat tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda innovatsiya va texnologiyalar mamlakatning barqaror taraqqiyoti va fuqarolarning turmush sharoitlarini yaxshilashda juda muhim ahamiyatga ega. Mamlakat uddaburon va zamonaviy fikrlaydigan yosh avlodga egaligi O‘zbekistonning afzalliklaridan biridir.

Respublika o‘z imkoniyatlarini hamda yaratuvchanlik g‘oyalarini hayotga tadbiq etajagiga shubha yo‘q.

Sun Litsze, Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi:

– 2017 yilni hech mubolag‘asiz O‘zbekiston uchun davlat qurilishidagi jadal taraqqiyot va katta farovonlik davri, deb atash mumkin. Bu yil ezgu ibtidolar va uzoqni ko‘zlagan yangilanishlarga boy bo‘lib, respublikaning har tomonlama rivojlanishiga sezilarli darajada ko‘maklashdi.

Muhim o‘zgarishlar orasida davlat boshqaruvidagi islohotlar, hukumat va xalq o‘rtasida ochiq muloqotning yo‘lga qo‘yilgani, valyuta siyosatidagi o‘zgarishlar, sarmoyaviy muhitning yaxshilanishi, sud-huquq tizimining takomillashuvi va, albatta, qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro munosabatlarning mustahkamlangani ajralib turadi. O‘zbekiston tashqi dunyo uchun yanada ochiq davlat bo‘lgani barobarida xalqaro maydonda mamlakatning ishonchli ovozi keng tarqaldi. Hamma joyda xalqning kelajakka bo‘lgan nekbinligi va ishonchini his etish mumkin. Bularning barchasi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida qisqa davr oralig‘ida erishilgan muvaffaqiyatlarning natijalari hisoblanadi.

Qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar bilan kifoyalanib qolmasdan, respublika davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar izlamoqda. 2018 yil mamlakatda “Faol tadbirkorlik, innovatsiong‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilingani g‘oyat muhim qaror bo‘ldi. Mamlakatda kichik va o‘rta biznesni hamda ilmiy-texnikaviy ishlarni rag‘batlantirish yuzasidan qator chora-tadbirlarni ko‘rish tashabbuslari ilgari surildi. Ishonchim komilki, xalqning o‘zaro jipslikda va hormay-tolmay mehnati natijasi o‘laroq, O‘zbekiston uchun yanada keng va ajoyib istiqbol ochilmoqda.

O‘tgan yil Xitoy – O‘zbekiston aloqalarining kengayishi nuqtai nazaridan ham “serhosil” bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga buyurgan davlat tashrifi hamda mamlakatingiz rahbarining “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro hamkorlik anjumanida ishtirok etgani muhim voqealar sirasiga kiradi. Oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida qator muhim kelishuvlarga erishildi, ular mamlakatlarimiz hamkorligining yanada rivojlanishi yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Xitoy – O‘zbekiston do‘stligi samimiyat, o‘zaro ishonch, jipslik va bir-biriga ko‘mak ko‘rsatishni o‘zida mujassam etgan. Xitoy tomoni 2018 yilda ham o‘zbek do‘stlarimiz bilan birgalikda kelishuvlarni amalga oshirishni davom ettirishga, o‘zaro manfaatli hamkorlikni uzluksiz chuqurlashtirish va siyosiy muvofiqlikni mustahkamlashga tayyordir.

“Jahon” AA