• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

O‘zbekistonda joriy yilning 1 iyulidan boshlab elektron vizalar berish tartibi joriy etiladi

05.02.2018

Joriy yilning 10 fevralidan boshlab 7 mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga 30 kunga vizasiz tartibda kelishlari mumkin bo‘ladi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida keltirilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2018 yilning 10 fevralidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish uchun Isroil Davlati, Indoneziya Respublikasi, Koreya Respublikasi, Malayziya, Singapur Respublikasi, Turkiya Respublikasi va Yaponiya fuqarolari uchun 30 kunga vizasiz kirish tartibi o‘rnatiladi.

Shuningdek, 10 fevraldan boshlab yana 39 mamlakat uchun sayyohlik vizalari rasmiylashtirish tartibi soddalashtiriladi. Ular orasida Avstraliya, Gollandiya, Hindiston, Xitoy, Kanada, AQSh, Saudiya Arabistoni, BAA, Shvetsiya va boshqalar bor.

Shuningdek, Prezident Farmoniga ko‘ra, 2018 yilning 1 iyulidan boshlab elektron vizalar berish tartibi joriy etiladi.

Bulardan tashqari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini turizm sohasiga jadal tatbiq etish maqsadida ushbu Farmon bilan quyidagilar belgilandi:

— 2018 yilning 1 yanvaridan e’tiboran turizm mahsulotlarini sotish va/yoki turizm xizmatlarini onlayn bronlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga elektron to‘lovlar, bronlash, ekvayring va boshqa elektron xizmatlarni tatbiq qilish, shuningdek, turizm xizmatlarining zamonaviy turlarini taklif qiluvchi ixtisoslashtirilgan internet-saytlar va portallarni yo‘lga qo‘yishni rag‘batlantirishga yo‘nalitirilgan soliq imtiyozlarini taqdim qilish;

— jamoat joylarida Internet tarmog‘iga simsiz bepul ulanish hududlari (Wi-Fi) bilan jihozlagan operatorlar, provayderlar va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga foydalanuvchilarning shaxsini majburiy tartibda aniqlash bilan birgalikda tegishli sifatdagi ulanishni ta’minlash bo‘yicha majburiyat qo‘yish;

— o‘z hududida Internet tarmog‘iga simsiz bepul ulanish hududlarini (Wi-Fi) o‘rnatgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga tegishli sifatdagi simsiz ulanish hududini kengaytirish uchun asbob-uskunalarni xarid qilish va internet-trafikni sotib olishga yo‘naltirilgan soliq imtiyozlarini joriy qilish;

— Internet tarmog‘iga simsiz bepul ulanish hududlarini (Wi-Fi) barpo etgan operatorlar, provayderlar va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga bunday hududlar tashkil etilgan joyda beg‘araz asosda 18 kv. m.dan ortiq bo‘lmagan maydondagi reklama banneri yoki romlarini o‘rnatish huquqini taqdim etish.

Shuningdek, mazkur farmon bilan tunu kun namoyish etadigan «Dunyo Buylab» telekanali O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining ichki turizm, dam olishning faol turlari va sport turizmini rivojlantirish, madaniy meros ob’ektlari va tabiiy boyliklar, shu jumladan, qo‘riqlanadigan tabiat hududlarini saqlash va ulardan foydalanish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlarni yoritish masalalari bo‘yicha axborot hamkori sifatida belgilandi.

Eslatib o‘tmiz, oxirgi yillarda O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish bo‘ychi jiddiy chora tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, har bir viloyatning o‘z turistik brendini ishlab chiqarish, ichki turizmni rivojlantirish, O‘zbekistonni xorijda targ‘ib qilish uchun turli xorijiy telekanallar orqali videolavhalar va hujjatli filmlar namoyish qilish kabilar shular jumlasidandir.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilning yanvar sentyabr oyida xorijlik sayyohlarga berilgan vizalar soni 2016 yilning ushbu davriga nisbatan 24%ga oshib 96 752 mingtani tashkil qilgan.