• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida

05.02.2018

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi PQ-3504-son qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 yanvardagi “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5313-son Farmonini ijro etish yuzasidan:

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz deb yuritiladi) tashkil etilsin.

2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin:

tasarrufida kasb-hunar kollejlari bo‘lgan vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalar bilan birgalikda kasb-hunar ta’limi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli dasturlarni hayotga tatbiq etish va kasb-hunar kollejlarida o‘quv-tarbiya jarayoniga tashkiliy va metodik rahbarlik qilishni ta’minlash;

ish beruvchilarning ehtiyojlari va takliflaridan hamda ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, shuningdek, iqtisodiyotning real sektoridagi tarkibiy o‘zgarishlarni hisobga olib kasb-hunar kollejlarida o‘rta bo‘g‘inning mehnat bozorida talab etilgan mutaxassislarini tayyorlashning o‘quv rejalari va dasturlari ishlab chiqilishini tashkil etish;

yuqori professional rahbarlar va pedagog kadrlarni tanlash hamda ular bilan kasb-hunar kollejlarini ta’minlash, ularning malakasi va kasbiy darajasini muntazam ravishda oshirish, shuningdek, ular mehnatini rag‘batlantirish ishlarini tizimli asosda ta’minlash;

tizimning rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlashning yangi shakllari va usullarini joriy etish;

respublikadagi barcha kasb-hunar kollejlari o‘quv-metodik ishini ularning idoraviy mansubligidan qat’i nazar, muvofiqlashtirish;

kasb-hunar kollejlarida ta’lim sifatini oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, ta’lim jarayonini doimiy ravishda takomillashtirish;

umumta’lim maktablari 10-11-sinf o‘quvchilarining kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida kasb-hunar ta’limi jarayonini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash.

3. Quyidagilar:

Markazning tashkiliy tuzilmasi va xodimlarning umumiy cheklangan soni 34 nafar bo‘lgan markaziy apparati tuzilmasi 1- va 2-ilovalarga muvofiq;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmalarining (keyingi o‘rinlarda boshqarmalar deb yuritiladi) namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmalari xodimlarining cheklangan soni 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Markaz direktoriga, zarurat bo‘lganda, xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida markaziy apparat va idoraviy mansub tashkilotlar, boshqarmalar tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

4. Belgilansinki:

Markaz O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha uning huquqiy vorisi hisoblanadi;

Markazning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi;

Markazga direktor – O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari rahbarlik qiladi;

Markaz direktori O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining taqdimnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

Markaz direktori O‘zbekiston Respublikasi kasb-hunar ta’limi tizimi sifatli va samarali tashkil etilishi, normativ-huquqiy boshqarilishi, unga yuklangan vazifalar to‘laqonli va o‘z vaqtida bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi huzuridagi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi huzuridagi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini axborot-metodik ta’minlash xizmati negizida Markaz huzurida Kasb-hunar ta’limi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti tashkil etilsin, unga quyidagi funktsiyalar yuklansin:

ta’lim dasturlari tuzilmasi va mazmunini takomillashtirish ishlarini doimiy ravishda amalga oshirish, ta’limning umumiy metodologiyasi doirasida ularning samaradorligi va moslashishini ta’minlash, yangi o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish va ularni o‘quv jarayoniga joriy etish;

tizimning pedagog kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashning yangi shakllari va usullarini joriy etish, zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalangan holda pedagog kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini boshqarishning yangi vertikalini tashkil etish.

6. Markaz huzuridagi xodimlarning cheklangan soni 86 nafar bo‘lgan Kasb-hunar ta’limi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash institutining tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. San’at, madaniyat va olimpiya zaxiralari kasb-hunar kollejlari (kollejlari) 6-ilovaga muvofiq, bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplom beriladigan ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari va maktab-internatlariga, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlariga aylantirilsin.

8. Quyidagilar:

a) vazirliklar va idoralarning iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashtiriladigan kasb-hunar kollejlari faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib:

to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun tushadigan mablag‘lar;

vazirliklar va idoralarning ushbu maqsadlarga xarajatlar smetasida har yili nazarda tutiladigan byudjet mablag‘lari va byudjetdan tashqari mablag‘lari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar mablag‘lari;

b) xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarning iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashtiriladigan kasb-hunar kollejlari faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib:

to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun tushadigan mablag‘lar;

xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarning mablag‘lari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar mablag‘lari;

v) ko‘p tarmoqli kasb-hunar kollejlari faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib – mutaxassislarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish va qayta tayyorlash uchun ota-onalar va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlarining mablag‘lari belgilansin.

Kam ta’minlangan oilalardan o‘quvchilar kasb-hunar (ko‘p tarmoqli) kollejlarida, ularning idoraviy mansubligidan qat’i nazar, bepul asosda o‘qitiladigan tartib o‘rnatilsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi to‘g‘risidagi nizomni;

uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasida kasb-hunar ta’limi to‘g‘risidagi nizomni;

2019 yil1 yanvargacha bo‘lgan muddatda:

kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini;

kasb-hunar ta’limining yo‘nalishlari, mutaxassisliklari va kasblari klassifikatorini;

kasb-hunar kollejlarida davlat granti asosida ta’lim olgan bitiruvchilarni, ularning egallagan kasbi bo‘yicha hududlarda kamida uch yil ishlab berish uchun ishga yuborish tartibini nazarda tutuvchi nizomni;

kasb-hunar kollejlariga o‘quvchilarni qabul qilish tartibini tasdiqlasin.

10. Iqtisodiyot vazirligi, Markaz:

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, idoraviy mansub kasb-hunar kollejlariga ega bo‘lgan boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2019 yildan boshlab har yili 1 maygacha bo‘lgan muddatda mutaxassisliklar va kasblar bo‘yicha kasb-hunar kollejlariga qabul qilish bo‘yicha kelishilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining ko‘rib chiqishi uchun kiritsinlar;

ikki oy muddatda boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda kasb-hunar kollejlariga qabul kvotalarini shakllantirish tartibini ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.

11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markaz va boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar hamda xo‘jalik birlashmalari bilan kelishgan holda har yili kasb-hunar kollejlarida o‘qitishning shakllanayotgan jami xarajatlarini va Vazirlar Mahkamasining qabul qilingan qarorlarini hisobga olgan holda, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdorlarini belgilasin.

12. Vazirliklar va idoralarga quyidagi vazifalarning bajarilishini ta’minlash, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarga amalga oshirish tavsiya etilsin:

o‘quvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini, qoidaga ko‘ra, ishlab chiqarishning idoraviy mansub ob’ektlarida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini keyinchalik ularda ishga joylashtirish maqsadida tashkil etish;

kasb-hunar kollejlarini saqlash, ularning xarajatlarini moliyalashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

kasb-hunar kollejlarining o‘zini o‘zi qoplashini oshirish maqsadida belgilangan tartibda ta’lim xizmatlari ko‘rsatilishini, faoliyatining tadbirkorlik, maslahatlar berish, ekspert, noshirlik, ishlab chiqarish, innovatsion va boshqa turlarini yo‘lga qo‘yish.

13. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Markaz va Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda tugatiladigan va qayta tashkil etiladigan kasb-hunar kollejlari xodimlarini ishga joylashtirishda yordam bersinlar.

14. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.Mirziyoyev