• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

O‘zbekiston Prezidentining Murojaatnomasiga Erondan nigoh

10.01.2018

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Oliy Majlisiga taqdim etgan Murojatnomasi Eronda ham o‘z aks-sadosini berdi.

Muhammad Abbosi, Arak shahar Savdo-sanoat palatasi boshqaruvining a’zosi:

-O‘zbekiston rahbarining parlamentga Murojaatnomasida mamlakatda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, iqtisodiyotning turli sohalariga xorijiy sarmoyalarni jalb etish zarurligiga alohida urg‘u berilgan. Shavkat Mirziyoyevning mahalliy va xorijiy sarmoyadorlarni kerakli ma’lumotlar bilan ta’minlovchi, mamlakatda biznesni yuritish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtiruvchi Investitsion portalini yaratish to‘g‘risidagi taklifini ma’qullaymiz.

M.Tavassoti, Markaziy mintaqa Savdo-sanoat palatasining rahbari:

- Bugun O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish sohasida katta ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berayotganini kuzatmoqdamiz. Tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Mamlakatingizning erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish borasidagi tajribasini alohida ta’kidlashni istar edim. O‘tgan 2017 yilning o‘zida mamlakatda 12 ta erkin iqtisodiy zonasi va 45 ta sanoat zonasining ishi yo‘lga qo‘yilgani meni hayratda qoldirdi.

O‘zbekistonning asosiy afzalliklari – bu siyosiy va makroiqtisodiy barqarorlik, diversifikatsiyalashgan iqtisodiyot va ishonchli bank tizimi, ulkan insoniy va intellektual salohiyatga egaligi, shuningdek, tadbirkorlarga, ayniqsa, erkin iqtisodiy zonalarga mislsiz imtiyoz va preferentsiyalar yaratib berganidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida mamlakatingizda olib borilayotgan islohotlarni kuzatar ekanman, shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, O‘zbekiston taraqqiyot va farovonlik yo‘lida dadil va og‘ishmay qadam tashlamoqda.

“Jahon”AA,
Tehron