• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

O‘zbek shifokorining qalb da’vati

09.01.2018

O'zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi say-harakatlari tufayli xalqaro tibbiyot doiralarida taniqli bo‘lgan kardiojarroh, tibbiyot fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi Qalandar Bobojonov Vatanga qaytish va yurtdoshlari salomatligi yo‘lida o‘zining kasb faoliyatini davom ettirishga qaror qildi.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xorijdagi yurtdoshlarimizni Vatan ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shishga da’vat etgani keyingi yillar davomida Ukraina tibbiyot fanlari akademiyasining N. Amosov nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi Milliy institutida bosh maslahatchi bo‘lib ishlayotgan shifokorning ana shunday qarorga kelishiga sabab bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan O‘zbekistonda hayotga tadbiq etilayotgan keng qamrovli islohotlar, shu jumladan, sog‘liqni saqlash tizimidagi o‘zgarishlar ham yuqori malakali mutaxassisning ushbu qaroriga turtki bo‘ldi.

Shuni qayd etish joizki, Q.Bobojonov O‘zbekistonda birinchi bo‘lib Fonten, Glen Biglen operatsiyalari tajribasini, murakkab tug‘ma yurak nuqsoni holatida arterial jarrohlik, yurak ishemik kasalligi bo‘lgani holatida ishlab turgan yurakda aortokoronar shunt o‘rnatishni amaliyotda qo‘llagan, ya’ni alohida xizmat ko‘rsatgan shifokordir. U 2002 yili mamlakatimiz Prezidentining Farmoniga binoan, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.

Olim o‘zining mehnat faoliyati davomida Lusakadagi (Zambiya) Universitet shifoxonasining Kardiojarrohlik markaziga asos solgan. Q.Bobojonov u yerda yurak patalogiyasi bilan bog‘liq 200 dan ziyod operatsiyalarni bajargan. Xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimi turli patalogiyalar holatida ochiq yurakda hammasi bo‘lib 8000 operatsiya o‘tkazgan: mitral va aortal klapanlarni protezlash, ikki klapanli protezlash, Fallo tetradasi kasalligi va boshqa murakkab tug‘ma nuqsonlar bilan bog‘liq operatsiyalar.

1986 yili Q.Bobojonov sobiq ittifoq Oliy attestatsiya komissiyasi qaroriga binoan yurak-qon tomirlari jarrohligi bo‘yicha tibbiyot fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. 2004 yili esa Ukraina Oliy attestatsiya komissiyasi qaroriga binoan yurak-qon tomirlari jarrohligi bo‘yicha tibbiyot fanlari doktori bo‘lgan. U 6 nafar fan nomzodini hamda 1 nafar fan doktorini tayyorlagan.

Olim turli tabobat nashrlarida chop etilgan 271 ta ilmiy maqolalarning hamda “Bolalar kardiojarrohligida anesteziologik ta’minot va intensiv terapiya” nomli monografiyaning muallifidir.

Kardiojarroh hademay "AKFA MedLine" tibbiyot muassasasida ish boshlaydi.

“Jahon” AA,
Kiyev