• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Dunyoning mashhur navoiyshunos olimlari Navoiyda to‘planadi

05.02.2018

“Umidim uldurki va hayolimga andoq kelurki, so‘zim martabasi avjdan quyi enmagay va yozgan asarlarimning tantanasi a’lo darajadan o‘zga yerni yoqtirmagay”. Alisher Navoiyning bu misralari oqsoch moziyning go‘yo bugunga tutgan ko‘zgusi. Shoh misralari qariyb olti asrdirki, na makon va na zamon tanlaydi. Aksincha, har bir avlod uning yangi-yangi qirralarini kashf etmoqda.

Zero, mustaqillik yillarida ulug‘ shoir va mutafakkirning ulkan ma’naviy merosi, beqiyos ijod mahsullarini tadqiq qilish uchun barcha imkoniyatlar ochib berildi, mustabid davri qo‘ygan har qanday chegaralar olib tashlandi. Shu asnoda hazratning asarlari xalqimiz uchun ulkan ma’naviy quvvat va yuksalish manbai bo‘lib tobora ko‘proq xizmat qilayapti, odamlar ongu tafakkurida tobora chuqurruq in’ikos topib, teranlik kasb etayapti.

Davlatimiz rahbari 2016 yil saylovoldi uchrashuvida Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi viloyatda har yili xalqaro konferentsiya o‘tkazish to‘g‘risida taklif bildirgani ham buyuk bobokalonimiz ijodi va faoliyatiga ko‘rsatilgan ulug‘ ehtirom namunasidir. Uning ro‘yobi o‘laroq, 2017 yil ilk bor o‘tkazilgan xalqaro anjuman Vengriya, Ozarbayjon va Qozog‘iston davlatlaridan tashrif buyurgan navoiyshunos olimlar hamda respublikamizning 150 nafarga yaqin taniqli akademik va professorlarini o‘z atrofiga birlashtirgan edi. Ushbu xayrli an’ana joriy yilda ham davom ettirilmoqda. Joriy yil mazkur nufuzli tadbirda dunyoning 20dan ortiq davlati hamda mamlakatimizning 200 nafarga yaqin navoiyshunos olimlari ishtirok etish niyatlarini bildirdilar. Ular orasida eronlik Ibrohim Xudoyor, turkiyalik Fikret Turkmen, rossiyalik Aleksey Pilev, ozarbayjonlik Moxsun Nagisoylu, Gyulbaniz Abbasova, tojikistonlik Abdusalom Abduqodirov, qozog‘istonlik Azamat Akbarov kabi taniqli mutaxassislar borligi Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodi faqat o‘zbek, balki jahon adabiyotida ham tadqiqotchilar diqqat markazida ekanligidan dalolatdir.

— Bugun hazrat Navoiy haqli ravishda jahon madaniyatining mumtoz vakillari safidan yetakchi o‘rinni zabt etdi, — deydi xalqaro konferentsiya mas’ul kotibi, adabiyotshunos olim Ulug‘bek Sattorov. — Uning asarlari jahondagi yuzlab tillarga tarjima qilingan. Shuningdek, har yili dunyoning o‘nlab nufuzli ilm dargohlarida uning adabiy merosi bilan bog‘liq anjumanlar, konferentsiyalar o‘tkazilmoqda. She’riyat ixlosmandlari shoir asarlarida tarannum etilgan olijanob g‘oyalar va falsafiy mushohadalaridan zavq olmoqdalar.

— Alisher Navoiy talqinicha, inson tabiatning betakror mo‘‘jizasi, tiriklik gultoji, — deydi navoiyshunos olim Tohir Xo‘jayev. — Xususan, “Xamsa” dostonlarida shoir inson omilini tahlil etarkan, mukammal davlat, adolatli hukmdor va jamiyat, kishilarni baxt-saodatga eltuvchi fozil va odil shoh timsollarini yaratadi, xalqning orzu-niyatlari va o‘y-fikrlarini bayon etadi. Muxtasar aytsak, inson manfaatlari eng ulug‘ qadriyat ekanligini badiiy obrazlarda ochib beradi. Shoir ijodini keng qamrab olgan ushbu falsafa bugun har jihatdan ustuvor siyosatga aylandi. Bu borada ulug‘ ajdodimiz ibrati, e’tiqodi, fazilatlari, yuksak elparvarligi, ulkan ma’naviy merosi bashariyat mulkiga aylanib, bugun millat shavkatiga poydevor bo‘lmoqda.

Darhaqiqat, Navoiy shaxsi adabiyot olamida ulkan ummonki, o‘rgangan sari yangi-yangi qirralari ochilib boraveradi. Keng auditoriya uchun mo‘ljallangan an’anaviy navoiyxonlik kechalari, ixlos bilan o‘qilgan bir bayt, sel bo‘lib tinglangan mumtoz qo‘shiq har safar shoir adabiy merosining o‘zgacha qirralari, hayotining ibratomuz jihatlarini kashf etib beraveradi.

Shu jihatdan bugun hazrat nomi bilan ataluvchi viloyatda o‘z ishini boshlagan xalqaro konferentsiya shoir adabiy merosi ummonidan yangi-yangi duru-gavharlarni terib olish, ularning jilosidan bahramand bo‘lish imkonini beradi.