• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Bosh prokuratura huzurida multimedia markazi ish boshladi

09.01.2018

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.Abdullayev Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan Harakatlar strategiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari halqqa xizmat qilishi kerak, degan tamoyil hayotimizda mustahkam qaror topganini alohida ta’kidladi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasiga e’tibor kuchaygani jamiyatimiz muhiti sog‘lomlashishiga xizmat qilmoqda. Aholini sodir bo‘layotgan voqealar haqidagi axborotlar bilan ta’minlash bugungi kunda dolzarb bo‘lib, bu huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 14-noyabrdagi “Prokuratura organlari axborot-tahlil faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori aholini to‘liq va haqqoniy axborot bilan ta’minlashga qaratilgan muhim hujjat bo‘ldi.

– Prezidentimizning parlamentga Murojaatnomasida jamiyatimiz hayotida demokratik prinsiplarni mustahkamlash zarurligi alohida ta’kidlandi, – deydi Axborot-tahlil multimedia markazi direktori Bobur Alixonov. – Bunda ommaviy axborot vositalari muhim va ta’sirchan omil bo‘lib, chinakam professional zamonaviy jurnalistikani shakllantirish bugungi kun talabidir. Qo‘yilayotgan ana shunday talablar hamda davlatimiz rahbarining qarori asosida tashkil etilgan multimedia markazi zamonaviy texnologiyalar va kreativ yondashuvlardan foydalangan holda axborot-tahliliy media materiallarni tayyorlaydi. Jumladan, bu yerda audio va videoroliklar, teleko‘rsatuv va radio eshittirishlar, ijtimoiy reklamalar, voqea joyidan reportajlar tayyorlanib, efirga, shuningdek, internet tarmog‘iga uzatiladi. Har bir media materialning dolzarbligi, huquqiy jarayonlar va davr talabiga mosligi hamda yuqori saviyada bo‘lishi talab etiladi.

– Jamiyat rivojida demokratiyaning muhim shartlaridan biri bo‘lgan ochiqlikni ta’minlash muhim ahamiyatga ega, – deydi BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida aynan shu xususda bildirilgan mulohazalar e’tiborga loyiq. Shu jihatdan Bosh prokuratura huzurida Axborot-tahlil multimedia markazining ish boshlagani muhim qadam bo‘ldi. Bu kelgusida aholi manfaatlarini ta’minlashga, tinchlik va osoyishtalik mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

– O‘zbekistonda xalq bilan muloqotning samarali tizimi yo‘lga qo‘yildi, – deydi Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze. – Amalga oshirilayotgan islohotlarni xalq o‘z hayotida his etmoqda. Multimedia markazi ana shu islohotlar mohiyati va aholiga zarur bo‘lgan axborotlarni yetkazishda faollik ko‘rsatadi, deb o‘ylayman.

Axborot – bilish manbai bo‘lishi bilan birga, eng ta’sirchan qurol hamdir. Hozir barcha OAV va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan axborotlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, ular orasida noto‘g‘ri, asoslantirilmagan, buzg‘unchi g‘oyalarni targ‘ib etuvchi ma’lumotlarni ham uchratish mumkin. Ko‘pincha bunday axborotlar mamlakatimizda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmagan internet tarmoqlari orqali tarqatiladi. Markaz ana shunday materiallarga nisbatan ham munosabat bildiradi. Bu jarayonda mavjud holat tahliliy o‘rganilib, shu asosda rasmiy ma’lumot beriladi. Natijada aholi orasidagi tushunmovchilik va noaniqliklarga chek qo‘yiladi.

Markaz asosiy e’tiborni davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qaror va farmonlarning mazmun-mohiyati va ularda belgilab berilgan vazifalarni aholiga tushunarli va xalqchil qilib yetkazish maqsadida turli media mahsulotlarni tayyorlashga qaratadi. Ushbu materiallar infografika va maxsus audiovizual effektlardan keng foydalangan holda tahliliy mazmundagi ma’lumotlar bilan boyitiladi. Bu esa, ushbu hujjatlarning mazmunini to‘laqonli yoritish va auditoriyaga yetkazish imkonini beradi.

Tayyorlanayotgan axborot-tahliliy media materiallarni tezkor tarqatish uchun vazirliklar va idoralar axborot xizmatlari, ma
halliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, jumladan, tele va radiokanallar, internet saytlari, gazeta va jurnallar hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Tajriba almashish va xodimlarning malakasini oshirish maqsadida esa yetakchi xorijiy tashkilotlar va teleradioeshittirish kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlaydi.

Tadbir doirasida Axborot-tahlil multimedia markazi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi, Taraqqiyot strategiyasi markazi, Xalqaro press-klub o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar imzolandi.

Bundan ko‘zlangan maqsad – yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida aholining xabardorligini oshirishda o‘zaro samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdir. Ana shu asosda kelgusida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi birgalikda kurashishda audio va videoroliklar, tele va radioeshittirishlar, ijtimoiy reklamalar, voqealar joyidan reportajlar, hujjatli filmlar, detektiv seriallar va boshqa mediamahsulotlar tayyorlanadi.