• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

“Toshkent – Chimkent – Toshkent” yo‘nalishida avtobuslarning ilk qatnovi muvaffaqiyatli amalga oshirildi

06.01.2018

Toshkent shahri va Qozog‘istonning Chimkent shahri o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan avtobuslarning ilk sinov qatnovi joriy yil 5-yanvar kuni muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Mazkur xalqaro avtobus yo‘nalishining tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar bu muhim voqea ikki qardosh xalq o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 22-23-mart kunlari davlat tashrifi bilan Qozog‘istonda bo‘lganida ikki tomonlama transport qatnovlari samaradorligini oshirish yuzasidan ham kelishuvga erishilgan edi.

Bugun ana shu kelishuvda ko‘zda tutilgan rejalar amalga oshdi. Bu ikki qardosh xalq o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

Avtobus Toshkent vaqti bilan soat 8:00 da poytaxtimizning "Toshkent" avtovokzalidan yo‘lga chiqdi. Ikki mamlakat chegara nazorati postidan o‘tgan avtobus Chimkent shahri tomon yo‘l oldi. Umumiy masofa 145,2 kilometr. O‘zbekistonlik jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘tirgan avtobus soat 11:30 da Chimkent shahri avtovokzaliga kirib keldi.

Bu yerda o‘zbekistonlik mehmonlar Chimkent shahri jamoatchiligi tomonidan tantanali kutib olindi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatlarimiz o‘rtasida mustahkam aloqalar o‘rnatilgani, bu boradagi ezgu ishlar yanada keng miqyosda davom etayotganini, 2018-yil Qozog‘istonda “O‘zbekiston yili” deb e’lon qilingani tarixiy do‘stlik aloqalarini yangicha ruhda davom ettirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

O‘zbekistonlik ilk yo‘lovchilar Chimkent shahrining diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.

– Biz qardosh xalqlarmiz, tariximiz tutash, to‘y-ma’rakamiz bir, quda-andamiz. Shu bois o‘zaro mustahkam rishtalar bilan bog‘langanmiz, – deydi Qozog‘iston Respublikasi o‘zbeklarining “Do‘stlik” assotsiatsiyasi raisi Ikrom Hoshimjonov. – Bugun tarixiy kun. Mamlakatlarimiz o‘rtasida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu ota-bobolarimizdan meros hamjihatligimizning yana bir namunasidir.

Shu kuni Chimkentdan Toshkentga qarab navbatdagi avtobus yo‘l oldi. Unda tashrif buyurgan qozog‘istonlik mehmonlar “Toshkent” avtovokzalida katta tantana bilan kutib olindi. Mehmonlar Mustaqillik maydonini tomosha qildi, poytaxtimizning Olmazor tumanidagi “Akfa Medline” tibbiyot markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

– "Toshkent – Chimkent – Toshkent" yo‘nalishida yo‘lga chiqqan avtobus 3,5 soatda Chimkentga yetib bordi. Yo‘lda O‘zbekistonning “G‘isht ko‘prik” va Qozog‘istonning “Ipak yo‘li” chegara nazorati postlaridan o‘tildi. Bu yerda yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgani guvohi bo‘ldik, – deydi O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘i o‘rinbosari Shoolim Shovahobov. – Rejaga ko‘ra, joriy yilning 8 yanvaridan boshlab “Toshkent – Chimkent – Toshkent” yo‘nalishida O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan 5 tadan, jami 10 avtobus yo‘nalishga qo‘yiladi. Har bir soatda 1 tadan avtobus yo‘lga chiqadi. Bugungi ma’lumot bo‘yicha yo‘l kira haqi 85 ming so‘m etib belgilangan. Shuningdek, 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun chiptalar bepul taqdim etiladi.

Mutaxassislar mazkur avtobus qatnovining yo‘lga qo‘yilishi ijtimoiy-iqtisodiy va turizm sohasi rivojiga ham xizmat qilishiga ishonch bildirmoqda.