• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

“Frankfurter Allgemeine Zeitung” O‘zbekistondagi o‘zgarishlar haqida

01.02.2018

Ma’lumki, bugungi kunlarda O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga butun dunyo ommaviy axborot vositalari katta e’tibor qaratmoqda. Nemis matbuoti ham bundan mustasno emas. Jumladan, Germaniyada eng ko‘p nusxada chop etaladigan va qator xorijiy mamlakatlarda ham tarqatiladigan “Frankfurter Allgemeine Zeitung” (FAZ) gazetasi sahifasida mamlakatimizga bag‘ishlangan navbatdagi maqola bosilib chiqdi.

“O‘zbekiston namuna bo‘lib qolmoqda” sarlavhali mazkur maqolada ma’lum qilinganidek, mamlakatda boshlangan iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlar jarayonida Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining liberal islohotchi ekanligini namoyon etmoqda. “Bu, o‘z navbatida, o‘zbek bozorida biznesni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lganlar uchun savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni faollashtirishga yaxshi imkoniyatlar yaratadi”, deb yozadi “Frankfurter Allgemeine Zeitung”.

Maqolada o‘zbek milliy valyutasini erkin ayirboshlash yo‘lga qo‘yilgani rivojlanish, shu jumladan, tashqi savdo taraqqiyoti yo‘lidagi katta to‘siqlarni olib tashlash imkonini bergan eng muhim qadamlardan biri sifatida qalamga olingan. O‘zbekiston moliya institutlari ma’lumotlariga tayanilgan holda xabar qilinganidek, mamlakat monetar bozorini liberallashtirish 2017 yili 15 foizga oshgan eksport hajmlarining o‘suvchanligiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Gazeta respublikamiz rahbariyatining savdo oldidagi to‘siqlarni bartaraf etish, korruptsiya va byurokratiyaga qarshi kurash, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rayotgan chora-tadbirlarini alohida qayd etgan.

Shu bilan birga, nemis gazetasi qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro munosabatlarni yaxshilash va mustahkamlash imkoni bergan O‘zbekistonning yangi tashqi siyosatiga ijobiy baho bergan.

Eslatib o‘tamiz, “Frankfurter Allgemeine Zeitung” kundalik gazetasiga 1949 yili asos solingan. 300 – 400 ming nusxada chop etiladigan ushbu nashr o‘z sahifalarida Germaniya hamda xorijiy mamlakatlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotiga oid asosiy va muhim voqealarni yoritadi.

“Jahon” AA,
Berlin