• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Davlat dasturi muhokamasiga bag‘ishlandi

15.01.2018

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashida Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yiliga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Mamlakatimizda inson manfaatlari va huquqlarini himoya qilish, shaxsning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish, oilalar farovonligi va mustahkamligini ta’minlash eng ustuvor vazifaga aylanmoqda. Bu jarayonda aholining og‘irini yengil qilish, muammolariga amaliy yechim topish, oilalarda tinchlik va osoyishtalik, xotirjamlik muhitini qaror toptirish masalalariga alohida urg‘u berilayotir. Davlat dasturi loyihasini shakllantirish jarayonida 6 mingdan ortiq fuqaro taklifi va tashabbusi inobatga olingani bu fikrimizga yaqqol misoldir.

Mazkur muhim dasturning muhokamasida aynan shu jihatlariga alohida e’tibor qaratildi. Unda hujjatning jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganligi, fuqarolar fikri, taklif va tavsiyalari inobatga olingani, inson manfaatlarini oliy qadriyat bilgan hukumatimiz hamda davlat rahbarining xalqqa yaqinligi, xalq muammolari, tashvishlarini o‘ziniki deb bilayotgani, olib borilayotgan siyosatning xalqchilligidan dalolat berayotgani xususida so‘z yuritildi.

– Mazkur dastur amalga tatbiq qilinsa, barchamiz uning amaliy natijasi uchun bor kuchimizni berib ishlasak, mahalla ham xalqning muammolarini hal qiluvchi ishonchli qo‘rg‘onga aylanadi, obro‘ va e’tiborimiz oshadi, ta’sir kuchimiz ortadi, – deydi Toshkent viloyati Angren shahar mahallalar kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Anorov. – Dasturda ko‘rsatilganidek, mamlakatimizning barcha hududlariga tegishli asosiy muammolar juda yaxshi o‘rganilgan. Loyihada davlat organlari faoliyatining ochiqligini va ish samaradorligini oshirish, qonun hujjatlarini takomillashtirish, bu borada noaniqliklarga barham berishga e’tibor qaratilgan. Ayniqsa, uy-joyga, moddiy ko‘makka, davlatning e’tiboriga muhtoj kishilarga ko‘rsatiladigan yordamlar, jumladan, katta imtiyozlar bilan uy-joylar ajratish, aholi salomatligi muhofazasi, bular barchasi haqiqiy insonparvar, xalqparvar davlat barpo etilayotganidan guvohlik bermoqda.

– Hozirgi kunda jamiyatimizda kechayotgan o‘zgarishlar O‘zbekistonning yangi imkoniyatlari ochilayotganidan darak bermoqda, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Ahillik” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Telman O‘rinov. – Juda ko‘p masalalar fuqarolar tashabbusi bilan ilgari surilayapti, ularni hal etish bo‘yicha qarorlar ham bevosita aholi bilan muhokamadan so‘ng qabul qilinyapti. Biz bugun muhokama qilgan Davlat dasturi loyihasida mamlakat taraqqiyoti, xalq farovonligini oshirish bo‘yicha deyarli barcha sohalar qamrab olingan. Dasturning qaysi bir bandini olmang, barchasi mahallalar hayoti uchun muhimdir. Yana bir jihati, mamlakatimizda aholi sog‘ligi va tinchligini ta’minlash, barqaror osoyishtalik muhitini qo‘ldan bermaslik yo‘lida rejalashtirilgan ishlar bizga juda manzur bo‘ldi. Zero, tinchlik – eng bebaho ne’mat. Tinchlik va osoyishtalik barqaror bo‘lgan yurtdagina islohotlar kutilgan samarani beradi, odamlar o‘z hayotidan rozi bo‘lib, kelajagiga ishonib yashaydi.

Tadbirda Bo‘stonliq tumanidagi “Talpin” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi S.Asomov, Qibray tumanidagi “Yangiyo‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini maslahatchisi R.Ergasheva, Chirchiq shahar “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi R.Nazarova va boshqalar Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yiliga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ularning fikricha, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huzuridagi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha maslahat markazlari faoliyatiga davlat organlari, tijorat banklari va boshqa vakolatli idoralarning ko‘maklashuvini ta’minlash mexanizmlarini belgilash, maslahat markazlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan band ham qizg‘in muhokama va ta’kidga loyiq.

Dastur loyihasidagi joriy yilda Prezident Virtual qabulxonasining yangilangan variantda tashkil etilishi, Xalq qabulxonalarida murojaat qiluvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish, aholi salomatligini muhofaza qilish, xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan yaxshilashga yo‘naltirilgan yo‘nalishlar, internet tarmog‘ida “Mening fikrim” maxsus veb-portalining joriy etilishi islohotlarning xalqchilligini ta’minlashga qaratilgani bilan juda muhimdir.

O‘zA